Tramp G20 sammitini boykot qilish bilan tahdid qildi
Olam
−
08 noyabr 4345 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 22-23 noyabr kunlari Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan “Katta yigirmalik” (G20) sammitini boykot qilish bilan Janubiy Afrika Respublikasini tahdid qildi. Toshkent vaqti bilan bugun, 8 noyabr kuni tungi paytda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi navbatdagi xabarnomasida Oq uy rahbari yana bir bor bu mamlakatni oq tanli fermerlarni “o‘ldirish” va ularning yerlarini “noqonuniy tarzda musodara qilish”da aybladi.
“Inson huquqlari buzilishi davom etar ekan, AQSH hukumati vakillaridan hech biri sammitda ishtirok etmaydi”, deb yozdi Tramp, o‘z da’volariga dalillar keltirmasdan.
U 2025 yilgi G20 sammitining JARda o‘tkazilishini “to‘liq sharmandalik” deb atadi.
Tramp noyabr oyidagi sammitda ishtirok etmasligini ilk bor 5 sentyabrda aytgan edi. Uning o‘rniga AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Yoxannesburgga borishi kutilgan edi. Biroq Trampning yangi bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, Vensning safaridan ham voz kechilgan.
JAR Prezidenti Siril Ramafosa 21 may kuni Oq uyga qilgan tashrifi chog‘ida Donald Tramp uning mamlakatida “oq tanli fermerlar ommaviy ravishda o‘ldirilayotgani” haqida bayonot berdi va buni tasdiqlovchi “fotosuratlar”ni ko‘rsatdi. “Reuters” agentligining ma’lum qilishicha, ushbu suratlardan birida aslida Kongo Demokratik Respublikasidagi Goma shahrida isyonchilar bilan to‘qnashuvdan keyin qurbonlar jasadlari solingan qoplarni olib ketayotgan qutqaruvchilar aks etgan.
Oval kabinetdagi muzokara paytida Ramafosa “oq tanli ozchilikka qarshi genotsid” haqidagi ayblovlarni keskin rad etdi.
Tramp keltirgan yana bir “dalil” – qishloq yo‘li bo‘ylab joylashgan yuzlab oq krestlar aks etgan videotasvirlar bo‘lgan. Prezident buni “o‘ldirilgan ming nafar fermer qabrlari” deb ta’kidlagan, ammo KNA agentligi ma’lum qilishicha, bu tasvirlar aslida 2020 yilda JARning sharqiy qismida o‘tkazilgan norozilik aksiyasidan olingan.
Donald Trampning aytishicha, 2026 yilgi G20 sammiti dekabr oyida uning Mayami yaqinidagi Doral shahrida joylashgan golf-klubi va mehmonxona-maskanlar majmuasida o‘tkaziladi.
“Ha, u Doralda bo‘ladi. Hamma sammit aynan shu yerda bo‘lishini istaydi, chunki u aeroportga juda yaqin, bu eng yaxshi va go‘zal joy”, degan Tramp sentyabr boshida.
Respublikachi Prezident sammit tashkil etilishidan “hech qanday moliyaviy foyda ko‘rmasligini” ham ta’kidladi:
“Bu pul haqidagi kelishuv emas”, dedi u.
Shuningdek, Tramp sammitda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Xitoy Raisi Si Szinpinni “mamnuniyat bilan qabul qilishini” aytdi.
“Washington Post” esga solganidek, Tramp o‘zining ilk prezidentlik davrida ham “Katta yettilik” (G7) sammitini shaxsiy golf-klubida o‘tkazishni rejalashtirgan, bu esa ko‘plab tanqidlarga sabab bo‘lgan edi.
Live
Barchasi