Tramp Eronga zarba berishdan voz kechdi – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga yangi miqyosda zarbalar berishni keyinga surdi. Bu haqda ismi oshkor qilinmagan manbalariga tayanib, “The New York Times” xabar berdi.

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, asosiy sabablardan biri Tehronning javobi AQSHni mintaqadagi havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa zaxiralarining sezilarli darajada kamayishiga olib kelishidan xavotirlanish bo‘lgan. Qaror Trampning maslahatchilari va administratsiya a’zolari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishidan so‘ng qabul qilingan.

Gazetaning yozishicha, Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi, general Den Keyn Prezidentni keng miqyosli harbiy harakatlarning qayta boshlanishi mumkinligi, ammo bu AQSH Markaziy qo‘mondonligi ixtiyoridagi tutib qoluvchi raketalar zaxirasining xavfli darajada qisqarishiga olib kelishi haqida ogohlantirgan. Joriy yil aprel oyi oxiridagi holatga ko‘ra, amerikalik harbiylar har birining qiymati 4 million dollardan oshadigan 1,2 mingdan ortiq Patriot tutib qoluvchi raketalarini ishlatgan. So‘nggi haftalarda zaxira bilan bog‘liq vaziyat yanada yomonlashgan.

Pentagon Yaqin Sharqdagi Eronning qirg‘oq radarlari, kemalarga qarshi raketa qurilmalari, zarba beruvchi katerlari va boshqa ob’ektlariga qarshi ko‘p bosqichli kampaniya tayyorlayotgan bo‘lgan. Energetika va yadroviy infratuzilmaga zarba berish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilgan. Biroq Trampning maslahatchilari uni urushning yanada kengayishi, Eronning ularning hududiga uyushtirgan hujumlari sababli Fors ko‘rfazidagi asosiy ittifoqchilarning “uzoqlashishi”, energiya resurslari narxining oshishi va jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning yomonlashuvi xavfidan ogohlantirgan.

Kecha, 25 iyul kuni AQSH ketma-ket 13 kechalik hujumlardan so‘ng, ikki hafta ichida birinchi marta Eronga tungi zarbalar bermadi. Shu bilan birga, Amerika harbiylari tomonidan Eron portlariga qo‘yilgan dengiz blokadasi o‘z kuchida qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali va tashkilotning rasmiy vakili AQSHni qo‘llab-quvvatlagan har qanday davlat Eronning nishoniga aylanishi haqida ogohlantirgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing