Tramp Eronga nisbatan sanksiyalarni bekor qilish shartini aytdi
Olam
−
02 mart 11216 3 daqiqa
AQSH yangi Eron rahbariyati o‘zining pragmatikligini va hamkorligini ko‘rsata olsa, mamlakatga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga tayyor. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp “The New York Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Tramp nashrga bergan qisqa telefon intervyusida agar kerak bo‘lsa, AQSH armiyasi Eron ustidagi hujumni 4-5 hafta davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan.
Shuningdek, u Isroil va AQSH uchun bu urushdagi hujum faolligini saqlab qolish qiyin bo‘lmasligini, oldinda AQSH harbiylarining qo‘shimcha qurbonlari bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Qolaversa, Tramp Eronning elita darajasidagi ta’sirli kuchlari, xususan, hozirgi rejimdan katta foyda olayotgan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi yuqori zobitlari va boshqa kuchlar o‘z qurollarini Eron xalqiga topshirishiga umid qilganini bildirgan.
Taxminan olti daqiqa davom etgan suhbatda Tramp, shuningdek, Eronni boshqarish uchun uchta “juda yaxshi” nomzod borligini aytgan, lekin ularni ochiqlashdan bosh tortgan.
U o‘z fikrini Venesuela tajribasi bilan bir necha bor taqqoslab, u yerda ishlagan usullar Eron uchun ham mos deb hisoblashini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp urush vaqtida halok bo‘lgan Oyatulloh Ali Xomanaiyning o‘rnini egallab, Eronga rahbarlik qilishi mumkin bo‘lgan uchta nomzodi borligini aytgandi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi