Tramp Eron ikkinchi Liviyaga aylanishidan qo‘rqadi – NYP

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronga zarba berishda ehtiyotkor, chunki bu mamlakatda Liviya ssenariysi takrorlanishidan qo‘rqadi. Bu haqda kecha, 19 iyun kuni manbalariga tayanib, “The Nerw York Post” (NYP) gazetasi xabar berdi.

Ulardan biriga ko‘ra, Tramp “bu Liviyaga aylanishini istamaydi”.

“Tramp Liviya haqida gapirayotganining ikkita sababi bor. Birinchidan, biz [mamlakat rahbari Muammar] Qaddafiyga qilganimizdan keyin boshlangan tartibsizlik. Ikkinchidan, Liviyaga aralashuv Shimoliy Koreya va Eron kabi davlatlar bilan muzokaralar va kelishuvlarni murakkablashtirdi”, deydi Trampning Eron va Liviyani solishtirganini shaxsan eshitgan gazeta manbasi.

“The Nerw York Post” gazetasining yozishicha, Tramp Eronning Natanz va Fordodagi yadroviy inshootlariga cheklangan zarbalar berishga moyil.

“Liviya ancha kengroq bombardimon qilindi, bu esa rejim o‘zgarishiga olib keldi”, dedi gazeta manbalaridan biri.

2011 yilda mamlakat rahbari Muammar Qaddafiy ag‘darilib, o‘ldirilganidan buyon Liviya yagona davlat sifatida faoliyat yuritishni to‘xtatdi. So‘nggi yillarda mamlakat g‘arbidagi Tripoli hukumati bilan sharqda Liviya milliy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan rasmiylar o‘rtasida qarama-qarshilik kuzatilgan.

2021 yilda Jenevada BMT boshchiligidagi Liviya siyosiy muloqot forumi hali o‘tkazilmagan umumiy saylovlargacha o‘tish davri ijroiya organini sayladi. Hozirda Liviyada bir-birini tan olmaydigan ikki hukumat mavjud. Birinchisi – BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlangan va Abdel Hamid Dbeibah boshchiligidagi – Tripolida joylashgan. Usama Hammad boshchiligidagi ikkinchisi dastlab Beng‘ozida joylashgan bo‘lib, keyin Sirtga ko‘chib o‘tdi.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “Kan” davlat telekanaliga bergan intervyusida Eron hukumatini ag‘darish yahudiy davlati operatsiyasining maqsadi emas, balki uning natijasi bo‘lishi mumkinligini aytdi. U, shuningdek, Isroil Mudofaa vaziri Isroil Katsning Eron Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning “mavjudligining tugashi” operatsiya maqsadlaridan biri ekanini tan olgan bayonotlariga shunday izoh berdi. Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, u “Eronda hech kim Isroil hujumlaridan himoyalanmasligi haqida ko‘rsatma bergan”.

Eslatib o‘tamiz, Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitt AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan muzokara o‘tkazish ehtimoli yuqoriligi sababli ikki hafta ichida Eron bo‘yicha (hujum qilish yoki qilmaslik) qaror qabul qilishini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Liviya Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing