Tramp dunyo imperatori emas – da Silva
Olam
−
18 iyul 6592 2 daqiqa
Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Amerika rahbari Donald Trampni faqatgina AQSH Prezidenti ekani, u dunyo imperatori emasligini aytdi. Bu haqda Braziliya rahbari CNN nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, Luis Inasiu Lula da Silva bunday keskin fikrni Tramp Braziliyaga nisbatan boj joriy etmoqchi bo‘lgani uchun bildirgan. Tramp yaqinda o‘zining Truth Social platformasida Braziliyaga 1 avgustdan boshlab 50 foizlik boj stavkalari qo‘llash bilan tahdid qilgan edi. U bu qarorni Braziliyadagi sobiq prezident Jair Messias Bolsonaruga qarshi sud ishi bilan bog‘lagan. Tramp Bolsonaruni o‘zining ittifoqchisi deb biladi va unga nisbatan olib borilayotgan sudni adolatsizlik deb atagan.
Bolsonaru 2022 yilgi prezidentlik saylovlarida mag‘lub bo‘lganidan keyin hokimiyatni ag‘darishga urinishda ayblanmoqda. Agar aybi isbotlansa, u 40 yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Lula Trampning aralashuvini rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Braziliyada sud hokimiyati mustaqil va Prezident unga ta’sir o‘tkaza olmaydi.
“Bolsonaruni shaxsiy jihatdan emas, balki u amalga oshirishga uringan harakatlari, ya’ni davlat to‘ntarishi uchun sud qilishmoqda”, degan Braziliyaning amaldagi rahbari.
Shuningdek, Lula Trampning so‘zlariga hayron bo‘lganini bildirib, bu ijtimoiy tarmoqdagi postni avvaliga yolg‘on yangilik deb o‘ylaganini aytgan.
“Bu juda noxush bo‘ldi. Men bunday post haqiqat bo‘lishi mumkinligiga ishonmadim”, degan u.
Shuningdek, Prezident Braziliya Tramp tahdidini amalga oshirsa, javob tariqasida o‘z bojlarini joriy qilishini aytgan.
“Braziliya o‘z xalqining manfaatlarini himoya qiladi, bizga majburlash emas, muzokaralar kerak. Agar Tramp muzokaralarni jiddiy qabul qilsa, men muzokaraga tayyorman. Eng muhim narsa – biz o‘zaro hurmat asosida suhbat qurishimiz kerak”, degan Lula.
So‘zini yakunlar ekan, Braziliya rahbari Trampni xalq saylagani va u AQSH Prezidenti ekanini qo‘shimcha qilgan.
“Men progressiv emasman, men Braziliya Prezidentiman. Trampni imperator sifatida emas, AQSH Prezidenti sifatida ko‘raman – uni amerikalik xalq saylagan”, degan Luis Inasiu Lula da Silva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliya Prezidenti AQSH Prezidenti Donald Trampga murojaat qilib, uni “kamroq internetda o‘tirishga va ko‘proq davlat rahbari bo‘lishga” chaqirgandi.