Tramp BRICS va uning ittifoqchilariga yangi bojlar bilan tahdid qildi

Olam

image

BRICS davlatlari tomonidan “bir tomonlama tarif va notarif choralari” tanqid qilingan bir paytda, AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 6 iyul kuni ushbu tashkilotning “antiamerikancha siyosatini” qo‘llab-quvvatlagan mamlakatlarga qo‘shimcha boj joriy etish bilan tahdid qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“Agar biron-bir davlat BRICS’ning antiamerikancha siyosatiga qo‘shilsa, unga 10% qo‘shimcha tarif qo‘llaniladi. Bu siyosatda hech qanday istisno bo‘lmaydi”, deb yozdi AQSH Prezidenti.

Shu kuni BRICS mamlakatlari Rio-de-Janeyroda bo‘lib o‘tgan sammitdan so‘ng qo‘shma bayonot e’lon qilgandi. Unda “savdoni buzadigan va JST (Jahon savdo tashkiloti) qoidalariga mos kelmaydigan bir tomonlama tarif va notarif choralar sonining ko‘payishi jiddiy tashvish uyg‘otayotgan”i qayd etilgan.

“Bu kabi choralar jahon savdosi hajmini yanada qisqarishiga va global ta’minot zanjirlarining buzilishiga olib kelishi mumkin, bu esa mavjud iqtisodiy muvozanatsizlikni chuqurlashtirib, global iqtisodiy rivojlanish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, deb qayd etildi hujjatda.

Garchi AQSH yoki Donald Tramp hujjatda bevosita tilga olinmagan bo‘lsa-da, AFP agentligi bunga javoban: “Bu, shubhasiz, Pensilvaniya-avenyu, 1600 manzilidagi shaxsga qarshi yo‘naltirilgan siyosiy zarba,” deb izoh berdi (bu yerda AQSH Prezidenti qarorgohini nazarda tutmoqda).

AQSH Moliya vaziri Skott Bessent 6 iyul kuni ma’lum qilishicha, Vashington 1 avgustdan boshlab savdo muzokaralarida ijobiy siljish bo‘lmagan mamlakatlarga bojlarni qayta joriy qilmoqchi. Bu bojlar 2 aprelda Tramp tomonidan e’lon qilingan edi, ammo keyin kechiktirilgan.

Hozircha asosiy tarif stavkasi 10%ni tashkil etadi, biroq ayrim mamlakatlar uchun bu bir necha barobar yuqori bo‘lishi mumkin. BRICS a’zosi Xitoy bilan esa AQSH o‘zaro bojlarni 120–140% dan 10–30% gacha kamaytirish bo‘yicha vaqtinchalik kelishuvga erishgan.

2024 yil oxirida Donald Tramp BRICS o‘z valyutasini dollarga alternativa sifatida yaratsa, ushbu davlatlarga 100% boj solish bilan tahdid qilgan edi.

“BRICS xalqaro savdoda dollarni almashtirishiga hech qanday imkoniyat yo‘q. Buni qilishga uringan har qanday mamlakat Amerika bilan xayrlashishi mumkin,” deya ogohlantirgan edi AQSH Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin BRICS valyutalar savatchasi asosida “xalqaro zaxira valyutasi”ni yaratish niyati borligini bildirgan, ammo keyinroq bu tashabbusga hali “mamlakatlar tayyor emas”ligini tan olgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp BRICS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing