Tramp bilan mojarodagi Ispaniya Bosh vaziri JCH finaliga boradi
Sport
−
11:02 335 2 daqiqa
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan mudofaa xarajatlari bo‘yicha kelishmovchiliklarga qaramay, Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi Jahon chempionati finalini tomosha qilish uchun Nyu-Yorkka boradi. Bu haqda RTVE xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan hafta Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammitida Tramp Vashington endi Ispaniya bilan savdo qilishni istamasligini bildirib, mamlakatni “yutqazilgan holat” va NATOdagi “yomon sherik” deb atagan.
Manbalarga tayangan holda telekanal Pedro Sanches 2026 yilgi FIFA Jahon chempionati finalida Argentinaga qarshi bahs olib boradigan Ispaniya terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash uchun Nyu-Yorkka tashrif buyurishini ma’lum qildi.
Sanchesga Ispaniya Sport vaziri Milagros Tolon hamrohlik qiladi. Shuningdek, final uchrashuvini Ispaniya qiroli Felipe VI, qirolicha Letisiya, taxt vorisi malika Leonor va Infanta Sofiya ham stadiondan turib kuzatishi kutilmoqda.
Qayd etish joiz, so‘nggi oylarda Madrid va Vashington o‘rtasida mudofaa xarajatlari bo‘yicha kelishmovchiliklar davom etmoqda. Sanches mudofaa uchun ajratiladigan mablag‘ni YAIMning 5 foizigacha oshirish zarurligini bir necha bor rad etgan bo‘lsa, Tramp Ispaniyaning bu pozitsiyasini keskin tanqid qilib kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Ispaniya terma jamoasi yarim finalda Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Endi jamoa hal qiluvchi bahsda Argentinaga qarshi maydonga tushadi. Ispaniya 2010 yildagi chempionlikdan so‘ng ikkinchi marta jahon chempioni bo‘lish imkoniyatiga ega.
Live
Barchasi