Tramp Baydenning Rossiya bo‘yicha qarorini o‘zgartirmoqchi

Olam

image

AQSHning amaldagi Prezidenti Jo Bayden ma’muriyatining Rossiya ichidagi nishonlarga uzoq masofali zarbalar berishi mutlaq xato. Bu haqda AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Mar-a-Lagodagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida xabar berdi.

“Menimcha, Bayden ma’muriyati Rossiyaga 200 milya masofada raketalarni uchirishga ruxsat bermasligi kerak edi. Nega ular mendan so‘ramasdan bunday qilishdi? Men buni qilmagan bo‘lardim. Menimcha, bu katta xato edi”, degan Tramp.

Shuningdek, qarorni qayta ko‘rib chiqish mumkinmi, degan savolga Tramp buni amalga oshirishi mumkinligini aytgan.

Qolaversa, Tramp Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy nimaga tayyor bo‘lishi kerak, degan savolga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzishga tayyor bo‘lishi kerak, deb javob bergan.

“U kelishuvga tayyor bo‘lishi kerak. Bitim ham tuzilishi kerak. Juda ko‘p odamlar o‘lmoqda. Putin ham kelishuvga erishishi zarur”, degan saylangan prezident.

Tramp, shuningdek, Zelenskiyni 20 yanvarga belgilangan inauguratsiya marosimiga taklif qilmaganini, lekin u kelsa juda xursand bo‘lishini ham qayd etgan.

Ukraina o‘z hududlaridan voz kechishi kerakmi, degan savolga javoban Tramp jangovar hududdagi ayrim shaharlar deyarli butunlay vayron bo‘lganini aytgan.

“Agar bu hududda sodir bo‘lgan voqealarga nazar tashlasangiz, birorta ham buzilmagan bino qolmagan. Odamlar u yerga qaytib bora olmaydi, u yerda hech narsa yo‘q. Bular shunchaki xaroba”, degan u.

Tramp, qolaversa, bu urush Ikkinchi jahon urushidan so‘ng eng qonlisi ekani, bu yerda tinchlik sulhi tuzilmasa, yana ko‘plab odamlar halok bo‘lishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Suriyani “do‘stona tarzda egallab olish” ortida turganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tramp Bayden

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing