Tramp Baydenni o‘q-dorilar qolmaganini aytgani uchun tanqid qildi
Olam
−
24 iyul 2023 7329 2 daqiqa
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp mamlakatning amaldagi yetakchisi Jo Baydenni “Amerika tarixidagi eng xavfli davrda” Pentagonda o‘q-dorilar yetishmasligini tan olgani uchun tanqid qildi. Bu haqda u kecha, 23 iyul kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Bizdagi hokimiyat tepasida nima qilayotganini bilmaydigan, dunyoga o‘q-dorilarimiz tugaganini aytadigan odam o‘tiribdi. “Biz hamma narsani berdik”. Agar siz barchasini bergan bo‘lsangiz, bu dahshatli. Lekin bu haqda butun dunyoga aytish yanada yomonroq. U Xitoy va boshqa bizga dushman davlatlarga bizda o‘q-dorilar yo‘qligini aytdi. Buni aytish uchun siz qanchalik ahmoq bo‘lishingiz kerak?”, degan sobiq Prezident.
Trampning fikricha, ayni payt AQSH tarixidagi eng xavfli davrga aylangan. Bunga yadroviy qurollarning tarqalishi sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 7 iyul kuni Bayden CNN telekanaliga bergan intervyusida Qo‘shma Shtatlar oddiy raketalar taqchilligi tufayli Ukrainaga kassetali o‘q-dorilarni topshirishga qaror qilganini aytgan. Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ham Vashington Ukraina Qurolli Kuchlari juda tez tugab borayotgan oddiy artilleriya snaryadlari taqchilligini qoplash uchun Kiyevga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berayotganini bildirgan. U Qo‘shma Shtatlar Ukraina uchun zarur bo‘lgan o‘q-dorilar yo‘qligi sababli shunday qadam tashlaganini tasdiqlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi boshida AQSH tomonidan Ukraina uchun 800 million dollarlik harbiy yordam e’lon qilingandi. Yordam paketi bo‘yicha mamlakatga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berildi.
Live
Barchasi