Tramp barchani zudlik bilan Tehronni tark etishga chaqirdi
Olam
−
17 iyun 12073 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp barchani zudlik bilan Eron poytaxti Tehronni tark etishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 16 iyun kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.
“Eron men ularga imzolashni aytgan “bitim”ni imzolashi kerak edi. Bu sharmandalik va inson hayotining bekorga sarflanishidir. Oddiy qilib aytganda, Eron yadroviy qurolga ega bo‘la olmaydi. Buni qayta-qayta aytib keldim! Barcha zudlik bilan Tehrondan evakuatsiya qilinishi kerak!” deb yozdi Tramp.
Uning ushbu bayonoti AQSH Oq uyi tomonidan ham X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilindi. Unda aynan evakuatsiya haqidagi chaqiriq alohida ta’kidlangan.
“Fox News”ning yozishicha, AQSH yetakchisi Yaqin Sharqda yuzaga kelgan vaziyat tufayli Milliy xavfsizlik kengashi a’zolarini Oq uyda yig‘ilish o‘tkazishga chaqirgan. Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp Kanadada o‘tayotgan G7 sammitini tark etmoqda.
“Prezident Tramp G7 sammitida ajoyib kun o‘tkazdi, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan katta savdo kelishuvini ham imzoladi. Ko‘p ishlar amalga oshirildi, biroq Yaqin Sharqda yuz berayotgan voqealar sababli Prezident Tramp bugun kechqurun davlat rahbarlari bilan kechki ovqatdan so‘ng sammitni tark etadi”, degan Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt.
Shuningdek, Tramp Oq uydagi maxsus vaziyatlar xonasida Milliy xavfsizlik kengashining to‘liq tarkibda yig‘ilishga tayyor bo‘lishini so‘ragani ham ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron jahon hamjamiyatidan Isroilning hujumlarini qoralashni so‘rashi va BMT Nizomi hamda xalqaro huquqning asosiy tamoyillariga sodiq qolishini ta’kidlashi xabar qilingan edi.
Live
Barchasi