Tramp ayrim bojlarni bekor qildi
Olam
−
19 noyabr 1965 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp 200 dan ortiq mahsulotlarga, jumladan, qahva, mol go‘shti, banan va apelsin sharbatiga joriy etgan oshirilgan bojlarni bekor qildi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu qaror AQSH aholisi orasida oziq-ovqat narxining oshayotgani tufayli kuchaygan xavotirlar fonida qabul qilingan. Bojlarning bekor qilinishi Tramp siyosatidagi keskin burilish bo‘lib, u uzoq vaqt davomida o‘zi joriy qilgan tariflar inflyatsiyaga hissa qo‘shmasligini ta’kidlab kelgandi.
14 noyabr kuni AQSH Prezidenti samolyot bortida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, bojlar “ba’zi hollarda” narxlar o‘sishiga olib kelishi mumkinligini tan oldi. Biroq Trampning ta’kidlashicha, AQSHda “deyarli inflyatsiya yo‘q”.
O‘z navbatida, Oq uy rahbari oshirilgan bojlardan tushgan mablag‘ hisobidan keyingi yil kam yoki o‘rta daromadli har bir amerikalikka 2000 dollardan to‘lash niyatida ekanini qayd etdi.
Iste’mol narxlari indeksi ma’lumotlariga ko‘ra, yil davomida AQSHda steyk narxi deyarli 17 foizga, qiyma narxi esa 13 foizga oshgan. Banan narxi taxminan 7 foizga, pomidorniki esa 1 foizga oshgan. Amerikaliklar iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy bahosi sentyabr oyida 2,7 foizga ko‘tarildi.
Noyabr oyi boshida demokratlar uchta muhim hudud: Nyu-York merligi, Nyu-Jersi va Virjiniya shtatlari gubernatorligi saylovlarida g‘alaba qozondi. “Reuters” bahosiga ko‘ra, bu demokratlarning Trampning Oq uyga qaytganidan keyingi ilk yirik muvaffaqiyati bo‘lib, yashash narxining oshishi sabab aholi his qilayotgan ishonchsizligi bilan bog‘liq.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Xitoy tovarlariga boj stavkasini ikki baravar kamaytirgandi.
Live
Barchasi