Tramp Xitoy tovarlariga boj stavkasini ikki baravar kamaytirdi
Olam
−
30 Oktabr 2025 2674 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokaralardan so‘ng boj stavkalarini 10 foizgacha tushirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u bugun, 30 oktyabr kuni Janubiy Koreyadan uchib ketishidan oldin Air Force One bortida jurnalistlar bilan suhbatda aytdi.
“Bilganingizdek, men fentanil bilan bog‘liq vaziyat tufayli Xitoydan keltiriladigan mahsulotlarga 20 foizlik boj joriy etgan edim – bu katta boj. Men uni ikki baravar kamaytirdim, shunday qilib u hozir kuchga kiradi, ammo endi 20 foiz emas, 10 foiz bo‘ladi”, degan Tramp.
AQSH rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Si Szinpin “yaqinlashayotgan o‘limni to‘xtatish uchun barcha choralarni ko‘radi”, deb ishonmoqda. U bu orqali Xitoydan AQSHga fentanil eksporti bilan bog‘liq muammoni nazarda tutgan.
Ma’lumot uchun, fentanil – bu ochiq savdoga chiqarilishi taqiqlangan, nihoyatda kuchli og‘riq qoldiruvchi preparat bo‘lib, inson hatto juda kichik dozadan ham halok bo‘lishi mumkin. U, odatda, og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlarni davolashda, shuningdek veterinariyada tinchlantiruvchi va og‘riq qoldiruvchi vosita sifatida ishlatiladi.
Fentanil bilan bog‘liq o‘lim holatlari haqida xabarlar AQSH va Kanadada bir necha yil avval paydo bo‘la boshlagan. Keyinchalik huquqni muhofaza qiluvchi organlar geroin dozasi oshib ketgan holda vafot etgan insonlar organizmida fentanil izlarini topgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 30 oktyabr kuni Janubiy Koreyaning Pusan shahrida olti yillik tanaffusdan so‘ng Xitoy rahbari Si Szinpin va AQSH Prezidenti Donald Tramp ilk bor uchrashgandi. Si Szinpin uchrashuv chog‘ida Xitoyning rivojlanishi va tiklanishi Trampning “Amerikani yana buyuk qilish” maqsadi bilan “qo‘lma-qo‘l” borayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va AQSH hamkor va do‘st bo‘lishi, bir-birining rivojlanishiga yordam berib, “birgalikda ravnaq topishi” kerak.
Live
Barchasi