Tramp Alyaskadan qaytayotganda Zelenskiy bilan uzoq gaplashdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Alyaskadan qaytayotganda ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiy bilan uzoq suhbatlashdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi.  

Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan sammiti yakunlangandan so‘ng mahalliy vaqt bilan ertalab soat 2 dan keyin Merilend shtatidagi Endryu qo‘shma bazasiga qo‘ndi. Livittning so‘zlariga ko‘ra, Prezident olti soatlik parvozning katta qismini telefonda o‘tkazgan. 

“Zelenskiy bilan telefon suhbatidan keyin Tramp NATO bilan gaplashdi”, dedi u.

Ikki yarim soat davom etgan uchrashuvdan so‘ng Putin bilan qo‘shma matbuot anjumanida Tramp Zelenskiy va NATO rasmiylari bilan telefon orqali muloqot qilishga va’da bergandi. 

“Men, albatta, Prezident Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilaman va unga bugungi uchrashuv haqida aytib beraman”, degandi Tramp konferensiya chog‘ida.

Zelenskiyning idorasi uning Tramp bilan bugun, 16 avgust kuni ertalab gaplashganini tasdiqladi.

Prezident Donald Tramp Alyaskada Putin bilan suhbatdan keyin “Fox News” telekanaliga qisqa intervyu berishga ham ulgurdi. U Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy zimmasiga o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish mas’uliyatini yuklab, Zelenskiy va Putin o‘rtasida tez orada uchrashuv bo‘lib o‘tishini aytdi.

“Hozir buni amalga oshirish haqiqatan ham Prezident Zelenskiyga bog‘liq. Ular endi Prezident Zelenskiy, Prezident Putin va mening ishtirokimda uchrashuv tashkil etishadi, shekilli”, dedi Tramp.

Suhbat chog‘ida Tramp kelishuvni davom ettirayotgan yakuniy masalalarni batafsil bayon etishdan bosh tortdi va faqat “nima qilishimiz mumkinligini ko‘rishni” istayotganini aytdi. Kecha kelishuvga erisha olmaganiga qaramay, u sammitni muvaffaqiyatli o‘tganini ta’kidlab, Putin bilan “yaxshi til topishgani ma’nosida” uchrashuvni 10 balldan 10 ballga baholadi.

“Men bu amalga oshishiga ishonch hosil qilmoqchiman. Va bizda buni amalga oshirish uchun juda yaxshi imkoniyat bor”, deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, kecha Rossiya va AQSH Prezidentlari Vladimir Putin va Donald Tramp Alyaskada uchrashdi. Uchrashuvda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va maxsus elchi Stiv Uitkoff ham ishtirok etdi. Muzokaralar 2 soat 45 daqiqa davom etdi.

Prezidentlar matbuot oldida qisqa bayonot berdi, shundan so‘ng uchrashuv yakunlandi. Trampning aytishicha, kelishuvga erishilmagan, biroq ikki tomon ham muzokaralarni konstruktiv va foydali deb baholadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Ukraina Vladimir Zelenskiy Alyaska Doanl'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing