Tramp AQSHning “oltin floti”ni yaratishni e’lon qildi (video)
Olam
−
23 dekabr 2081 2 daqiqa
AQSH “mutlaqo yangi sinf”ga mansub ikkita harbiy kema qurishga qaror qildi. Ular gipertovushli qurollar va lazerlar bilan jihozlanadi, yadroviy qurol va qanotli raketalarni olib yurish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 22 dekabr kuni Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida bo‘lib o‘tgan marosimda so‘z ochdi.
Trampning aytishicha, ushbu flot dastlab 10 ta kemadan iborat bo‘ladi, kelajakda esa ularning soni 20–25 taga yetkaziladi.
“Harbiy kemalar eng yuqori darajadagi to‘plar va raketalar bilan qurollanadi. Ularda, shuningdek, gipertovushli qurollar, zamonaviy elektr relsotronlari va hatto kuchli lazerlar bo‘ladi. Bundan tashqari, ular hozir ishlab chiqilayotgan dengiz bazasidagi yadroviy qurollar va qanotli raketalarni ham olib yuradi”, degan Tramp.
Trampning ta’kidlashicha, suv siqimi 30–40 ming tonna bo‘lgan bu kemalar AQSH harbiy-dengiz flotining flagmanlariga aylanadi. Qurilish uchun 26 milliard dollar sarflash rejalashtirilgan. Amerika yetakchisi kemalar alyuminiydan emas, balki po‘latdan qurilishini ta’kidladi. Qurilishni yaqin orada boshlash rejalashtirilgan bo‘lib, u taxminan 2,5 yil davom etadi.
Uning bahosiga ko‘ra, yangi kemalar “jahon tarixidagi eng yirik kemalar” bo‘ladi. Ularning dizaynini Harbiy-dengiz kuchlari Trampning o‘zi bilan birgalikda ishlab chiqadi, chunki u o‘z so‘zlariga ko‘ra, “juda estetik didga ega inson”.
Shuningdek, AQSH Prezidenti yana 15 ta yangi suvosti kemasi qurilishi haqida ham ma’lum qilgan. Uning aytishicha, hozirda Vashington ixtiyorida 30 dan ortiq suv osti kemasi mavjud.
Tramp bir necha bor AQSH Harbiy-dengiz kuchlari kemalarining tashqi ko‘rinishini tanqid qilib, “xunuk kemalar” yoqmasligini aytgan. Uning fikricha, ya’ni kam harakat qiladigan kemalar albatta xunuk bo‘lishi shart emas. Shuningdek, Prezident AQSH Harbiy-dengiz kuchlariga 19 ta yangi kema, jumladan, suvosti kemalari, esminetslar va desant kemalari yetkazib berish rejalari borligini eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 va 21 dekabr kunlari AQSH harbiylari Venesuela qirg‘oqlari yaqinida ikki kemani qo‘lga olgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi