Tramp AQSHda TikTok taqiqlanishiga qarshi chiqmoqchi
Olam
−
13 noyabr
1271Saylovoldi kampaniyasi davomida TikTok’ni himoya qilishga va’da bergan Donald Tramp AQSHda uni taqiqlash rejasiga qarshi chiqmoqchi. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, Tramp TikTok’ning ko‘lami va qamrovini qadrlaydi. U podkastlar va ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda saylovlarda g‘alaba qozonish uchun undan mohirona foydalangan. Trampning sobiq maslahatchisi Kellienn Konueyga ko‘ra, Xitoyni javobgarlikka tortishning ko‘plab usullari mavjud. Xususan, Tramp demokratlar yonuvchi avtomobillar, mentolli tamaki, elektron sigaretalar va TikTok’ni taqiqlamoqchi bo‘lganidan xabardor.
Bo‘lajak AQSH prezidenti hali TikTok’ga nisbatan qanday qaror qabul qilishini oshkor etmagan bo‘lsa-da, uning atrofidagilar ijtimoiy tarmoqni himoya qilish bo‘yicha harakatlar qilishini kutmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yil 24 aprelda AQSH Prezidenti Jo Bayden TikTok’ni mamlakatda taqiqlash haqidagi qonunni imzolagan. Ushbu qonun ByteDance kompaniyasidan TikTok biznesini 270 kun ichida, ya’ni 2025 yil 19 yanvargacha AQSHda sotishni talab qiladi.
AQSH hukumati TikTok foydalanuvchilari haqidagi ma’lumotlarning Xitoy hukumatiga uzatilish ehtimoli tufayli ushbu ilovani milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘radi. Ammo ByteDance bunday ma’lumotlarni Xitoy hukumati talab qilsa ham bermasligini va’da qilgan.
TikTok’ning egasi bo‘lgan ByteDance Baydenning taqiqini noqonuniy deb hisoblaydi va qarorni apellyatsiya qilish orqali bekor qilishga harakat qilmoqda. Sud jarayonlari uzoq davom etishi sababli Trampda TikTok’ni himoya qilish uchun ko‘proq vaqt bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq TikTok va uning bosh kompaniyasi ByteDance AQSH hukumatini sudga berib, Prezident Jo Bayden tomonidan imzolangan taqiqqa qarshi chiqishga uringani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi