Tramp AQSH razvedka rahbarini Moskvaga yashirincha yuborgan – WSJ
Olam
−
12:44 757 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) direktori Jon Retkliffni Moskvaga maxfiy safarga shaxsan o‘zi yuborgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda amerikalik amaldorlarga tayanib “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Retkliffning Rossiyaga diplomatik missiyasi “shu qadar nozik” bo‘lganki, hatto Oq uyning ayrim yuqori martabali xodimlari ham bu haqda oldindan bilmagan.
Ayrim yevropalik amaldorlarning aytishicha, MRB rahbarining Moskvaga yashirin tashrifi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgach, ular zudlik bilan safar tafsilotlarini aniqlashga kirishgan.
Avvalroq, Retkliff joriy yilning 25 avgust kuni Moskvaga NATO davlatlariga hujum qilish mumkin emasligi haqida ogohlantirish uchun borgani haqida xabar berilgan edi.
Biroq Tramp bu ma’lumotni rad etib, MRB rahbarining tashrifi oddiy ish safari bo‘lganini aytgan.
Shuningdek, TXR rahbari ham Sergey Narishkin Retkliff bilan uchrashganini tasdiqlagandi. Uning aytishicha, u “deyarli har hafta” dunyoning turli qit’alaridagi razvedka xizmatlari rahbarlari bilan uchrashib turadi.
Trampning ta’kidlashicha, Retkliff Rossiya Tashqi razvedka xizmati (TXR) rahbari Sergey Narishkin bilan “har olti oyda yoki yiliga bir marta” uchrashib turadi va ular o‘rtasida “juda yaxshi munosabatlar” mavjud.
Tramp, shuningdek, Rossiya NATO davlatlariga hujum qilish niyatida emasligiga ishonishini bildirgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa G‘arb OAVlarining Moskvaning NATO davlatlariga nisbatan rejalari haqidagi xabarlarini “voqelikni buzib ko‘rsatish” va “gazeta uydirmalari” deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbda Rossiyaning rejalari haqida ko‘plab “qo‘rqinchli hikoyalar” tarqatilmoqda, biroq ular Rossiyaning na real niyatlarini, na amaldagi vaziyatni aks ettiradi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham Rossiyaning NATO davlatlari bilan urushishdan “hech qanday sababi va manfaati yo‘q”ligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliff joriy yilning 25 avgust kuni Rossiya poytaxti Moskvaga e’lon qilinmagan muzokaralar uchun borgan edi.
Live
Barchasi