Tramp AQSH mudofaa byudjetini 1 trln dollardan oshirmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mamlakatning mudofaa xarajatlarini keskin oshirishni rejalashtirmoqda. Tramp tayyorlagan 2026-yilgi byudjet loyihasiga ko‘ra, AQSH milliy xavfsizlikka 1,01 trillion dollar ajratadi – bu joriy yilgi ko‘rsatkichdan 13 foiz ko‘p degani. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, bu 1980 yillarda Ronald Reygan harbiy xarajatlarni ko‘paytirgan davrni eslatadi. U o‘sha paytda “yulduzli urushlar” dasturini yo‘lga qo‘ygan va Yevropada yadro raketalarini joylashtirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Tramp Pentagonga 961 milliard dollar ajratishni nazarda tutmoqda – bu joriy yildagidan 112,7 milliard, Bayden ma’muriyatining 2026 yil uchun prognozidan esa 84,2 milliard dollar ko‘p.

“Agar bu loyiha qabul qilinsa, AQSH tarixida ilk bor harbiy xarajatlar 1 trillion dollardan oshadi”, deyiladi xabarda.

Loyiha doirasida quyidagi tashabbuslar ko‘zda tutilgan:

  • “Oltin gumbaz” nomli raketaga qarshi mudofaa tizimi yaratish;
  • Yangi harbiy kemalarni qurish;
  • Yadro triadasini modernizatsiya qilish;
  • Harbiy xizmatchilar maoshini 3,8 foizga oshirish.

Bu o‘sish fonida Tramp ichki fuqarolik dasturlariga ajratiladigan mablag‘ni 22,6 foiz (163 mlrd dollar)ga qisqartirmoqchi. Keskin qisqartirish quyidagi sohalarga taalluqli bo‘ladi:

  • Qayta tiklanuvchi energetika;
  • Atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • Irqiy tengsizlikni bartaraf etish dasturlari;
  • Xalqaro yordam dasturlari;
  • National Science Foundation ilmiy loyihalari;
  • Ta’lim vazirligi;
  • Uy-joy va shahar rivojlantirish vazirligi.

Nashrga ko‘ra, Tramp dastlab byudjet xarajatlarini 2 trillion dollarga qisqartirishni rejalashtirgan. Bu borada u Ilon Mask rahbarligidagi “Hukumat samaradorligi departamenti”ga (DOGE) tayanmoqchi edi. Biroq ko‘plab islohotlar sudlar tomonidan to‘xtatildi va hozirda qisqartirish hajmi 150 milliard dollargacha tushirildi.

“Trampni bunday radikal choralar ko‘rishga undayotgan asosiy sabab AQSH byudjet taqchilligi. O‘tgan yili u 3 trillion dollardan oshgan, 2025 yil fevral holatiga ko‘ra esa 1 trillion dollar chegarasidan o‘tgan. Davlat qarzini qoplash uchun foiz to‘lovlari har yili 1,2 trillion dollarni tashkil etib, federal byudjetning 20 foizini yutib yubormoqda. Bu 2020 yildan beri uch baravarga o‘sish demakdir”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Stokgolm tinchlik muammolarini o‘rganish xalqaro instituti 2024 yilda dunyo bo‘yicha harbiy xarajatlar rekord ko‘rsatkichga – 2,7 trillion dollarga yetgani xabar qilingandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9,4 foizga ko‘p degani va sovuq urush tugaganidan beri eng keskin o‘sish sifatida qayd etilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp mudofaa byudjeti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing