Tramp 90 kun ichida 90 ta savdo bitimi tuzmoqchi
Olam
−
12 aprel
2353AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati 90 kun ichida 90 ta savdo bitimi tuzmoqchi – 75 dan ortiq davlatga nisbatan oshirilgan tariflarni joriy etish shu vaqtgacha qoldirildi. Bu haqda kecha, 11 aprel kuni Trampning savdo bo‘yicha maslahatchisi Piter Navarro ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vazifani Moliya vaziri Skott Bessent, AQSH Savdo vakili Jeymison Greyer va Savdo vaziri Govard Lutnik bajarishi mumkin. Navarroning qo‘shimcha qilishicha, Tramp “asosiy muzokarachi” bo‘ladi, chunki “uni sinchiklab o‘ylamasdan hech narsa amalga oshmaydi”.
Yevropa Ittifoqining Savdo bo‘yicha komissari Marosh Shefchovich 14 aprel kuni Vashingtonga tariflar bo‘yicha muzokaralar uchun boradi. Biroq, “Reuters”ning yozishicha, o‘sha kuni AQSH Moliya vaziri Bessent Argentinadagi iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini namoyish qilish uchun Buyenos-Ayresda bo‘ladi.
“Uning Shefchovich bilan uchrashuvda ishtirok etmasligi savdo ekspertlarida AQSH Prezidenti ma’muriyati bir vaqtning o‘zida shunchalik ko‘p muzokaralarni qanchalik samarali olib borishiga shubha uyg‘otmoqda”, deb yozadi agentlik.
AQSHning sobiq savdo vakili Vendi Katlerning so‘zlariga ko‘ra, Trampni ham, moliya bozorlarini ham qoniqtiradigan kelishuvlarga erishish “katta vazifadir”. Uning fikricha, Tramp jamoasi asosiy davlatlarga ustuvorlik berishi va boshqalar uchun 90 kunlik pauzani uzaytirishi kerak.
2 aprel kuni Tramp AQSH savdo hamkorlarining aksariyatiga nisbatan savdo tariflari joriy etilishini e’lon qildi. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan import qilinadigan tovarlarga 20 foizlik, Buyuk Britaniyaga nisbatan 10 foiz bir qator mamlakatlar uchun bojlar 40 foiz yoki undan yuqori boj joriy etildi.
9 aprel kuni AQSH Prezidenti 75 dan ortiq davlatga bojlar joriy etishni 90 kunga kechiktirdi, shu bilan birga Xitoyga bojlarni 125 foizga oshirdi. Tez orada Xitoy AQSH tovarlariga import bojlarini 125 foizga oshirishni e’lon qildi. Tramp esa Xitoyga bojni 145 foizga oshirdi. Yevropa Ittifoqi Amerika tovarlariga javob tariqasidagi 25 foizlik tariflarni joriy etishni 90 kunga qoldirdi.
AQSH va V’etnam savdo bitimi bo‘yicha rasmiy muzokaralarni boshlashga kelishib oldi. Yaponiya Bosh vaziri Sigeru Isiba kelasi hafta Vashingtonga tashrif buyurishi kutilayotgan Iqtisodiyot vaziri Ryosei Akazava boshchiligidagi AQSH bilan muzokaralarni nazorat qilish uchun maxsus guruh tuzdi. Avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Tramp bilan uchrashgan edi. Tayvan ham muzokaralar o‘tkazish niyatida ekanini ma’lum qildi.
LiveBarchasi