Tojik-afg‘on chegarasida otishma. 4 terrorchi yo‘q qilindi
Olam
−
20 yanvar 7764 3 daqiqa
Afg‘oniston bilan chegara orqali Tojikistonga noqonuniy kirgan 4 nafar qurollangan terrorchi yo‘q qilindi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari matbuot markazining “Xovar” axborot agentligi saytida e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, terrorchilik tashkilotining to‘rt nafar qurollangan a’zosi 18 yanvarga o‘tar kechasi Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidan Tojikistonning Xatlon viloyati hududiga noqonuniy ravishda kirgan. Xabarda qayd etilishicha, terrorchilar chegarachilarning taslim bo‘lish haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunmagan va qurolli qarshilik ko‘rsatgan.
“Jangovar harakatlar davomida to‘rt nafar terrorchining barchasi yo‘q qilindi”, deyiladi bayonotda.
Voqea joyida uchta Kalashnikov avtomati, miltiq, to‘pponcha, patronlar va boshqa o‘q-dorilar, shuningdek, uchta mobil telefon, ratsiya va qayiq musodara qilingan.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi davlat chegarasi xavfsizligini ta’minlash maqsadida bundan buyon ham barcha kuch va vositalardan foydalanilishini ma’lum qilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Hozirda tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat nazorat ostida ekani qayd etilgan.
Tojikiston-Afg‘oniston chegarasidagi vaziyat
2025 yil noyabr va dekabr oylarida Afg‘oniston tomonidan Tojikiston hududi ikki marta o‘qqa tutildi. Ushbu hujumlar oqibatida Xitoyning besh fuqarosi – "Shoxin SM" korxonasi va qurilish kompaniyasi xodimlari halok bo‘ldi, yana besh kishi yaralandi. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Afg‘oniston fuqarolarining provokatsion harakatlarini keskin qoraladi va bunday hodisalarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishni buyurdi. Respublika TIV, shuningdek, Afg‘onistonning amaldagi rasmiylarini davlat chegarasida barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha samarali choralar ko‘rishga chaqirdi.
24 dekabr kuni Tojikistonda Afg‘oniston bilan chegarada to‘rtta yangi post ochilgani haqida xabar berilgandi. Shu kuni yana bir to‘qnashuv sodir bo‘ldi, oqibatda chegarani noqonuniy kesib o‘tgan terrorchilik tashkilotining uch a’zosi yo‘q qilindi, Tojikiston chegara xizmatining ikki xodimi halok bo‘ldi.
2024 yil noyabr oyida Ostonada bo‘lib o‘tgan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Kollektiv xavfsizlik kengashi sessiyasida Tojikiston-Afg‘oniston chegarasini mustahkamlash bo‘yicha KXSHTning maqsadli davlatlararo dasturi qabul qilindi. O‘sha paytda tashkilot bosh kotibi lavozimida ishlagan Imangali Tasmagambetov besh yilga mo‘ljallangan dasturni amalga oshirish 2025 yilda boshlanishini ma’lum qilgan edi. Dekabr oyida KXSHT Kotibiyati maslahatchisi Pavel Sarkisyan Tojikiston ushbu dastur doirasida chegarani qo‘riqlash uchun zarur bo‘lgan qurol-yarog‘ va jihozlar ro‘yxatini, allaqachon shakllantirganini va hozirda tashkilotga a’zo boshqa davlatlarda ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgan edi.
Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida Afg‘oniston bilan eng uzun chegaraga (1 344 km) ega va uning to‘rtta shimoli-sharqiy viloyati bilan bevosita chegaradosh.
2021 yilda AQSHning Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng “Tolibon” harakati mamlakatda hokimiyatni qo‘lga oldi. Tojikiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston hududida, jumladan, uning shimoli-sharqiy qismida turli terrorchilik tashkilotlari jangarilari faoliyat yuritmoqda.
Live
Barchasi