Tojikistonlik erkak o‘zbekistonlik ayolni o‘ldirib, mamlakatdan chiqib ketdi
Jamiyat
−
14 dekabr 2019
9802Tojikistonlik erkak OITS kasaliga chalinganini yuziga solgan o‘zbekistonlik ayolni bo‘g‘ib o‘ldirdi. Voqea Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida qayd etilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Joriy yilning 20 oktyabr kuni soat 20:30 larda 1992 yilda tug‘ilgan ayol L.G.ning murdasi Yangiyer shahar Shodlik mahallasi Mamadaliyev ko‘chasida joylashgan xonadonda qotillik belgilari bilan topilgan.
Aniqlanishicha, Sudga oid tibbiyot ekspertizasining xulosasiga ko‘ra L.G.ning o‘limi bo‘ynidan bo‘g‘ish oqibatida mexanik asfiksiya sababli sodir bo‘lgan.
Shundan so‘ng, Mazkur holat bo‘yicha Yangiyer shahar prokurori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishi bo‘yicha olib borilgan dastlabki tergov harakatlari jarayonida aniqlanishicha, L.G. Tojikiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan S. A. bilan yashab kelgan va 2019 yil 20 oktyabr kuni soat 11:00 larda yashab turgan xonadonida u bilan o‘zaro janjallashib qoladi.
Ayol S.A.ga uning OITS (SPID) kasali bilan og‘riganligini aytib haqorat qiladi va natijada g‘azabga mingan S.A. uni bo‘g‘ib o‘ldirgan.
Shundan so‘ng, fuqaro S.A. tergov va suddan yashirinish maqsadida Xovosobod chegara maskani orqali Tojikiston Respublikasiga o‘tib ketgan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida S.A. Tojikiston Respublikasi, Sug‘d viloyati, Panjakent shahar IIBga sodir etgan jinoyatiga iqrorlik bildirib murojaat qilganligi aniqlangan.
Tergov organi tomonidan S.A. jinoyat ishi bo‘yicha joriy yilning 21 oktyabr kuni Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyat sodir etganlikda ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, sudning 22 oktyabrdagi ajrimi bilan S.A.ga sirtdan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo‘llanilgan.
Ayblanuvchi Sanjar A. Tojikiston Respublikasi fuqarosi bo‘lganligi sababli jinoyat ishi Bosh prokuratura orqali tergovni davom ettirish uchun Tojikiston Respublikasi prokuraturasiga yuborilgan.
LiveBarchasi