Tojikistondan qariyb 14 kg “opiy” olib o‘tgan shaxslar ushlandi
3-sahifa
−
14:34 1026 2 daqiqa
Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda Tojikistondan olib kelingan 13 kilogrammdan ortiq “opiy” moddasining noqonuniy aylanishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi tomonidan giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.
Unda oldindan tezkor kuzatuvga olingan Toshkent shahrida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxsning Sirdaryo tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Shunda u yerda 1983 yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi va Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1962 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan yana bir fuqaro ham borligi aniqlangan.
Surishtiruvlar davomida mazkur uch nafar shaxs qo‘shni Tojikiston Respublikasidagi narkokurerlar tomonidan Jizzax viloyatining Yangiobod tumani hududidagi yashirin joyga qoldirilgan narkotik moddalarni olib, ularni sotish va tarqatish orqali katta miqdorda moddiy boylik orttirish maqsadida o‘zaro jinoiy til biriktirgani aniqlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, yashirin joydan umumiy og‘irligi 13 kilogramm 653 gramm “opiy” moddasi olinib, protsessual tartibda hujjatlashtirilgan. Bildirilishicha, hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qariyb 39 gramm gashish saqlagan va sotishga uringan shaxs ushlangan edi.
Live
Barchasi