Tojikistondagi internet nashr ekstremistik deb topildi
Olam
−
21 iyul 2023
4452Tojikiston Oliy sudi “Pamir Daily News”ni ekstremistik nashr deb topdi va uning mamlakat hududidagi faoliyatini taqiqladi. Bu haqda “Current time” nashri xabar berdi.
Keltirilishicha, mamlakat konstitutsiyaviy tuzumi, xavfsizligi va suvereniteti asoslarini himoya qilishdan kelib chiqqan holda ushbu da’vo qo‘zg‘atilgan.
Joriy yilning 14 iyun kuni Oliy sud hukmi e’lon qilingan. Unga ko‘ra, nashr sayti bloklangan. Bosh prokuratura sayt bilan hamkorlik o‘rnatilgani uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanishi haqida ogohlantirdi.
Oliy sud chiqargan hukmga “Pamir Daily News” shunday izoh berdi:
“Pamir Daily News’ning faoliyati Tojikiston hukumatining ko‘zlarini qamashtirmoqda. Chunki nashr respublika, xususan Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatida davom etayotgan qonunbuzarliklar haqida tinimsiz bong uradi. Ushbu qaror bilan rasmiylar nashrning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyati haqidagi fikr-mulohazalarini butunlay yo‘qotmoqchi ”, deyiladi nashr xabarida.
“Pamir Daily News” Tojikiston hukumati tomonidan ekstremistik deb e’lon qilingan birinchi internet nashri emas. 2020 yilda Tojikiston Oliy sudi Pragada faoliyat olib boradigan “Axbor” portalini uning mazmuni terrorchilar va ekstremistlar manfaatlariga, xususan, Tojikiston Islom Uyg‘onish partiyasi targ‘ibotiga xizmat qilayotganini aytib, faoliyatini taqiqlagan edi. Bu partiya 2015 yilda hukumat tomonidan terrorchi tashkilot deb e’lon qilinmaguncha mamlakatdagi eng yirik muxolifat partiyasi bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, “Pamir Daily News” 2019 yilda tashkil qilingan bo‘lib, u Tojikistondagi, xususan, respublikaning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatidagi voqealarni yoritib boruvchi sayt hisoblanadi.
LiveBarchasi