Tojikistonda Sarez ko‘li yaqinida yana zilzila sodir bo‘ldi
Olam
−
28 fevral 2023
16638Bugun, 28 fevral kuni ertalab Tojikistonning Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatida Sarez ko‘li yaqinida besh balli yangi silkinishlar qayd etildi. Bu haqda Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Mamlakat seysmologiya instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil 28 fevral kuni mahalliy vaqt bilan 09:21 da Tojikiston Respublikasi hududida zilzila qayd etilgan. Zilzila epimarkazi Dushanbe shahridan 390 km janubi-sharqda, Murg‘ob viloyatidan 58 km g‘arbda va Sarez ko‘lidan 63 km sharqda, Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatining Murg‘ob tumani hududida joylashgan”, deyiladi xabarda.
Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila markazida zilzila kuchi besh ballni, Xorug‘ shahrida esa uch ballni tashkil etgan. Qurbonlar va vayronagarchiliklar yo‘q.
So‘nggi besh kun ichida bu Murg‘ob tumani markazi va Sarez ko‘li oralig‘ida Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati tog‘larida qayd etilgan to‘rtinchi zilziladir.
Avvalroq Tojikiston Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi zilzilalar xavfli vaziyat yaratmagani, ko‘lning tabiiy to‘g‘oni – Usoy to‘g‘oni yorilishi bilan bog‘liq xavotirga asos yo‘qligini ma’lum qilgandi.
Ko‘l Tojikiston Pomir tog‘ tizmasida 1911 yilda vayronkor zilzila natijasida paydo bo‘lgan. Uzunligi 55,8 km bo‘lgan ko‘lda 16 kub kmdan ortiq suv bor. Tojik Pomirining seysmik faol zonasida joylashgani uchun ko‘l doimiy ravishda kechayu kunduz kuzatuv ostida. Mutaxassislarning fikricha, tabiiy to‘g‘on yorilib ketgan taqdirda katta miqdorda suv toshqini yuzaga keladi, nafaqat Tojikiston, balki O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmaniston hududlari ham ofat zonasida bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 fevral kuni Tojikistonda 9 marotaba zilzila sodir bo‘lgan edi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat qo‘mitasi zilzila oqibatida Sarez ko‘liga zarar yetmaganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi