Tojikistonda Moskvadagi teraktga aloqador 9 kishi hibsga olindi – OAV
Olam
−
29 mart
15076Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi joriy haftada “Krokus Siti Holl”da terakt sodir etishda gumon qilinganlar hamda ISHIDning Xuroson guruhiga aloqador deb hisoblagan to‘qqiz kishini hibsga oldi. Bu haqda Tojikiston xavfsizlik xizmatidagi manbasiga tayanib, “Reuters” agentligi xabar berdi.
“To‘qqiz kishining barchasi dushanba kuni Vaxdat shahrida qo‘lga olinib, poytaxt Dushanbega olib kelingan”, degan manba.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 26 mart kuni rossiyalik tergovchilar "Krokus Siti Holl"dagi hujumda gumon qilingan to‘rt kishining oila a’zolarini so‘roq qilish uchun Tojikistonga yetib kelgan. Tojikiston xavfsizlik kuchlari oilalarni Vaxdat va Hisor shaharlari hamda Rudakiy viloyatidan poytaxt Dushanbega olib kelgan.
Manbalarga ko‘ra, “Krokus”dagi terakt bo‘yicha Tojikistondagi tergov harakatlarining borishi davlat rahbari Imomali Rahmonning “shaxsiy nazorati” ostida.
Eslatib o‘tamiz, 24 mart kuni Moskvaning Basmanniy sudi "Krokus" ishi bo‘yicha qo‘lga olingan Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rachabalizoda, Shamsiddin Faridun va Muhammadsobir Fayzovni (Tojikiston fuqarolari) 22 maygacha hibsga qoldirishga qaror qilgandi. Keyinchalik yana uch kishi – Aminchon, Dilovar va Isroil Islomov (ota va bola)lar qurolli hujum uyushtirishda foydalanilgan Renault avtomobilini sotishda gumonlanib hibsga olindi. Shuningdek, terakt ishtirokchilariga kvartirani ijaraga berganlikda ayblanayotgan Qirg‘izistonda tug‘ilgan Rossiya fuqarosi Alisher Qosimov ham hibsga olindi.
LiveBarchasi