Tojikistonda emlanmagan haydovchilarning ishlashi, abituriyentlarning imtihonga kirishi taqiqlandi
Olam
−
07 avgust 2021
3498Tojikiston poytaxtida koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha respublika shtabi qarori bilan jamoat transportlarida emlanmagan haydovchilarning ishlashi taqiqlandi. Bundan tashqari, Dushanbening ba’zi OTMlari emlanganlik sertifikatisiz abituriyentlarning hujjatlarini qabul qilmaydi.
Bu haqda “Aziya-Plyus” nashri xabar berdi. Qayd etilishicha, ushbu ma’lumotni “Dushanbenakliyotxadamotrason” DUK tasdiqlagan.
“Respublika shtabining COVID-19 tarqalishining oldini olish bo‘yicha epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi qarori bilan emlanmagan haydovchilarning ishlashiga ruxsat berilmaydi. O‘zining va yo‘lovchilarining salomatligini hamda xavfsizligini himoya qilish uchun barcha haydovchilar emlangan bo‘lishi kerak”, deya ta’kidlagan “Dushanbenakliothadamotrason” DUK matbuot kotibi Mansur Rahmon.
Ma’lum qilinishicha, hozirda haydovchi va DUK xodimlarining 98 foizi vaksinani qabul qilgan. Qolgan 2 foizi esa turli kasalliklarga chalingan.
“Dushanbeda 5 mingga yaqin jamoat transporti haydovchisi va bu sohada ishlaydigan 700 xodim bor. Shu kunlarda maktab va oliy o‘quv yurtlarida ta’til munosabati bilan har kuni 265 ta avtobus, 75 ta trolleybus, 1 100 ta mikroavtobus va 2000 ta taksi ishlamoqda”, deya ta’kidladi matbuot kotibi.
Matbuot kotibining so‘zlariga ko‘ra, uzrli sababsiz emlanishdan bosh tortgan haydovchilarning ishlashiga ruxsat berilmagan. Emlanishdan bosh tortgan taqdirda, poliklinikadan kasallikka chalinganligi sabab vaksinani olishga ruxsat berilmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etishi shart.
“Agar ular emlanmasdan ham ishlashda davom etsa, yo‘l harakati xavfsizligi inspektori ularni aniqlab, to‘xtatadi va jarimaga tortadi", deydi Mansur Rahmon
Shuningdek, maxsus komissiya shtabi emlanmagan abituriyentlarning Poytaxtda o‘tkazilayotgan test sinovlariga kirishi uchun ham taqiq qo‘ydi.
Masalan, Sotim Ulug‘zod nomidagi Tojikiston davlat tillar institutiga kirish uchun hujjatlarni qabul qilishda abituriyentlardan koronavirusga qarshi emlanganligi haqidagi ma’lumotnoma ham talab qilinmoqda, aks holda universitet ma’muriyati hujjatlarni qabul qilinmaydi.
“Agar ariza beruvchida emlanganlik haqida sertifikat mavjud bo‘lsa, biz uning hujjatlarini hech qanday savollarsiz qabul qilamiz. Lekin, vaksinani olmagan abituriyentlar, albatta universitetning o‘zida tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan so‘ng, tibbiyot birlashmalarida emlanishi shart”, degan universitet ma’muriyati.
Ma’lum qilinishicha, ushbu universitetga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish muddati 5 avgustda yakuniga yetgan. Barcha kelgan abituriyentlar emlangan.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil 3 iyuldan boshlab koronavirusga qarshi kurashish Respublika shtabining qarori bilan Tojikistonda emlanish 18 yoshdan oshgan fuqarolar uchun majburiy hisoblanadi. 4 avgust holatiga ko‘ra, Tojikistonda 1 million 13 ming 808 kishi koronavirusga qarshi vaksina bilan emlangan.
LiveBarchasi