Tojikistonda elektr energiyasiga yana cheklov o‘rnatildi
Olam
−
23 Sentabr
5366Tojikistonda kecha, 22 sentyabrdan boshlab elektr energiyasiga cheklovlar joriy etildi. Bu haqda mamlakatning “Barki tojik” ochiq aksiyadorlik jamiyati o‘zining Facebook'dagi sahifasida elektr energiyasi yetkazib berishda cheklovlar joriy etilgani haqida ogohlantiruvchi murojaat e’lon qildi.
Murojaatda o‘tgan qish mavsumida yog‘ingarchilik kam bo‘lgani, Vaxsh daryosi hosil bo‘lgan hududlarda suv ta’minoti juda kam bo‘lgani qayd etilgan.
“Yildan yilga aholi va mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy sohasining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi ortib borayotgani elektr energiyasining mavsumiy taqchilligiga sabab bo‘lmoqda. Shu munosabat bilan soha mutaxassislari 2024 yilda ham mavsumiy elektr energiyasi taqchilligi 1 milliard kilovatt-soatdan ortiq bo‘lishini taxmin qilmoqda”, deyilgan murojaatda.
“Barki tojik” aholini kuz-qish mavsumida elektr energiyasidan tejamkor foydalanishga undagan. 21 sentyabrdan boshlab qishloq aholisiga kuniga 8-10 soatgacha – ertalabki soat 5:00 dan 8:00 gacha va kechki soat 17:00 dan 22:00 gacha elektr energiyasi berila boshlangan.
“Barki Tojik” avvalroq elektr ta’minotidagi uzilishlar infratuzilmaning ortiqcha yuklarga umumiy zaifligi bilan bog‘liqligini aytgan edi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil boshidan buyon Tojikiston qo‘shni davlatlarga 82 million dollar yoki 1 milliard kilovattdan ortiq elektr energiyasi eksport qilgan.
Qayd etish joizki, ayni paytda Nurek GESida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda, bu Tojikistonning elektr energiyasiga bo‘lgan yillik ehtiyojining 50 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi. Avgust oyi oxirida GESning yangilangan to‘rtinchi gidroagregati ishga tushirilgandi.
GESning quvvati 3000 megavattdan oshadi. Stansiyani modernizatsiya qilish 10 yil ichida to‘liq yakunlanishi rejalashtirilgan. GESda ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlangach, qishki elektr energiyasi ishlab chiqarish 33 million kVt/soatga oshadi. Bu sovuq oylarda energiyaga bo‘lgan talabni qondirish va yozda eksport imkoniyatlarini oshirish, energetika sohasiga qo‘shimcha daromad keltirish imkonini beradi.
2024 yilda Tojikiston Markaziy Osiyoning Birlashgan energiya halqasiga qaytdi. Tojikiston energetika va suv resurslari vaziri Daler Juma avvalroq ulanish uchun zarur ob’ektlar ishga tushirilganini ma’lum qilgan edi. Mintaqaning yagona tizimiga qaytish uchun Osiyo taraqqiyot banki 2018 yil oxirida 35 million dollar miqdorida grant ajratdi.
Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimi Sovet Ittifoqi davrida (1960 yilda), mintaqadagi barcha davlatlar bir davlat tarkibida bo‘lgan paytda yaratilgan. Tizim Toshkentdagi Muvofiqlashtiruvchi-dispetcherlik markazi tomonidan boshqarilib, sug‘orish davrida elektr energiyasiga bo‘lgan talab va suvga bo‘lgan ehtiyojning mavsumiy tebranishlarini muvozanatlash imkonini berdi.
Biroq ko‘rinib turibdiki, ko‘rilgan barcha chora-tadbirlar kuz-qish mavsumida elektr energiyasi taqchilligi muammosini hal qila olmagan.
2023 yilda mamlakat aholisining 70 foizi istiqomat qiluvchi qishloqlar iste’molchilariga elektr energiyasini cheklash ham 20 sentyabrdan boshlangan edi. Odamlar har kuni ertalab 3 soat, kechki payt esa 5-6 soat elektr energiyasi olgan.
Biroq 2024 yilning fevral oyi oxiriga kelib hududlardagi vaziyat yanada og‘irlashdi, ba’zida iste’molchilar kunlab elektr energiyasisiz qolib ketdi. Shu bilan birga, ilgari bo‘lgani kabi nafaqat uy xo‘jaliklari, balki tibbiyot muassasalari, maktablar, umumiy ovqatlanish va savdo nuqtalari ham qattiq cheklovlarga duch kela boshladi. Bundan tashqari, shahar aholisi, jumladan, poytaxtda ham elektr energiyasi o‘chirila boshlandi.
Mart oyining boshida esa mamlakat elektr energetika tizimida keng ko‘lamli nosozlik yuz berdi, buning oqibatida elektr ta’minoti uzilishi bilan birga issiqlik va suv ta’minoti to‘xtatildi, tojikistonliklar ham uyali aloqa va internetsiz qoldi.
LiveBarchasi