Tojikistonda 10 kishi kuchli sel kelishining qurboni bo‘ldi

Olam

image

Tojikistonda sel kelishi oqibatida 10 nafar odam halok bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi (FVQ) Matbuot xizmati xabar berdi. 

“Tojikiston hududida kuzatilgan kuchli yomg‘irlar sabab yuzaga kelgan sel toshqini oqibatida mamlakat shimolidagi So‘g‘d viloyatida 10 kishi halok bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, So‘g‘d viloyati Panjikent shahri yaqinidagi Dashti Qozi qishlog‘ida mahalliy aholi loyqa suvdan ikki nafar ayolning murdasini chiqarib olgan, shuningdek, tabiiy ofat tufayli hududdagi 15 ta aholi turar joyi vayron bo‘lgan, 35 bosh chorva mol suvga oqib ketgan.

“Dashti Qozi qishloq jamoatidan 30 kilometr uzoqlikda 10 nafar cho‘pon sel oqimiga tushib qolgan. Qidiruv-qutqaruv ishlarini amalga oshirish uchun voqea joyiga FVQ qutqaruvchilari yuborildi. Qutqaruv ishlari davomida sakkiz nafar cho‘ponning jasadi suvdan chiqarib olindi. Yana ikki nafar cho‘ponni izlash ishlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, So‘g‘d viloyatining uchta tog‘li tumanida sel kelishi oqibatida 10 kilometr avtomobil va qishloq yo‘llari, elektr ta’minotining ikkita ko‘prigi, selga qarshi to‘siqlar, 20 gektar maydondagi dehqonchilik ekinlari, ikkita ko‘prik va 23 ta xonadon vayron bo‘lgan.

Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tuman komissiyalarining vakillari sel kelishi oqibatida kuzatilgan vayrongarchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirmoqda. Buning uchun maxsus texnika ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 iyul kuni Qirg‘iziston Respublikasi Jalolobod viloyati hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgandi. Ushbu sel oqimlari ta’sirida qo‘shni O‘zbekiston Respublikasi Namangan viloyatida ham tabiiy ofat yuzaga kelgan. Viloyatning Kosonsoy tumanidan sel kelishi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, Qirg‘izistonning o‘zida ham kamida 8 kishi ushbu tabiiy ofatdan vafot etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

76

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing