Tojikiston Voruxda aholi evakuatsiyasini boshlagani aytildi
Olam
−
14 iyun 2022
24053Tojikiston hukumati Qirg‘izistondagi Vorux anklavidan o‘z fuqarolarini evakuatsiya qilishni boshladi. Bu haqda “Interfaks”ga Qirg‘izistonning Botken viloyati ma’muriyati ma’lum qildi.
“Taxminan soat 09:25 da Voruxdan (Qirg‘izistondagi eng yirik tojik anklavi) Tojikiston fuqarolarini evakuatsiya qilish boshlandi”, degan viloyat hokimligi vakili.
Unga ko‘ra, Tojikiston tomoni bugun, 14 iyun kuni ertalab ro‘y bergan otishmadan so‘ng Botken viloyatining Samarqand, Cho‘n-Tala, Ko‘k-Tosh qishloqlarida chegara qo‘shinlarini kuchaytira boshlagan.
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bugun, 14 iyun kuni taxminan soat 07:00 da Tojikistonning “Kex” chegara postidan Qirg‘izistonning Buloq-Boshi chegara posti yo‘nalishi bo‘yicha o‘q uzilgan. Bunga javoban qirg‘iz tomoni ham Tojikiston posti tomon o‘q uzgan.
Qirg‘id tomonning ma’lumotiga ko‘ra, Botken viloyatidagi chegara vakili Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi chegara vakili bilan telefonda suhbatlashganiga qaramay, soat 7:50 da Tojikiston tomoni granata va minomyotlardan foydalangan holda yana o‘t ochishni boshladi. 8:10 da otishma to‘xtagan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat keskinligicha qolmoqda. Ayni paytda otishma sabablariga oydinlik kiritish va vaziyat keskinlashuvining oldini olish maqsadida tomonlarning chegara vakillari uchrashuvi o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga “Aziya-Plyus” nashri tojik-qirg‘iz chegarasidagi otishma natijasida Tojikistonning muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan askari halok bo‘lgani haqida xabar berdi.
Tojikiston rasmiylari hozircha nima bo‘layotganiga izoh bermagan.
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi navbatdagi keskinlashuv yanvar oyining oxiridan beri davom etmoqda: o‘shanda chegarachilar o‘rtasidagi otishmada tojikistonlik ikki harbiy halok bo‘lgan, olti nafar harbiy yaralangan, Qirg‘izistonda esa sakkiz nafar harbiy yaralangan.
Shundan so‘ng Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari chegarada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish hamda avvalroq mojaro joyiga jalb qilingan qo‘shimcha kuch va vositalarni olib chiqishga kelishib oldi. Shunga qaramay, chegarada vaqti-vaqti bilan otishmalar davom etmoqda.
So‘nggi yillarda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida qurol ishlatish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar bir necha bor sodir bo‘lgan. Oxirgi marta yirik to‘qnashuvlar o‘tgan yilning aprel oyi oxirida yuz bergandi. Mojaroga sabab bahsli hudud – “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yoniga kameralar o‘rnatilgani bo‘lgan. Natijada har ikki davlat harbiylari aralashgan.
Qirg‘izistonning 180 dan ortiq fuqarosi to‘qnashuvlar davomida jabr ko‘rgan, deb xabar qildi respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi. 34 kishi vafot etgan. Tojikiston mojaro qurbonlari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.
Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 km. Chegaraning 460 kilometri bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas, shuning uchun har ikkala davlat ham u yoki bu uchastkaga o‘z da’volarini e’lon qilganda, vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi.
LiveBarchasi