Tojikiston xavotirda. Afg‘oniston bilan postlar 100 dan oshdi
Olam
−
07 avgust 2023
16297“Tolibon” hokimiyat tepasiga kelib, Afg‘onistondan tahdidlar kuchaygach, Tojikiston chegara nazoratini kuchaytirib, postlar sonini 100 dan oshirdi. Bu haqda Tojikiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik tadqiqotlar markazi direktori Xayriddin Usmonzodaga tayanib, “Asia-Plus” xabar berdi.
Aytilishicha, Tojikistonning Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumatini tan olish masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmagan. Rasmiy Dushanbe Tojikiston va Afg‘onistonning chegaradosh hududlarida xavf kuchayayotganidan doimo xavotir bildirib, ko‘plab terrorchilik guruhlari qo‘shni davlat hududida to‘planganini aytgan. Tojikiston rasmiylari bir nechta yangi chegara postlari qurilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Xayriddin Usmonzoda mamlakatning “Tolibon”ga nisbatan pozitsiyasiga yana bir bor oydinlik kiritib, u o‘zgarmaganini, ammo iqtisodiy aloqalar borligini qo‘shimcha qilgan.
“Bu davlatga yaqinligimizni hisobga olib, biz iqtisodiy hamkorlikni to‘xtatmaymiz. Chunki Afg‘oniston xalqining Tojikiston tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, avvalo, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga bog‘liq. Tojikiston o‘zining barcha transport yo‘laklarini qo‘shni davlatlar va bu davlatga insonparvarlik yordami ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan xalqaro tashkilotlar ixtiyoriga berdi. Ammo siyosiy munosabatga kelsak, Tojikistonning “Tolibon”ga nisbatan pozitsiyasi o‘zgarmagan va barqaror”, degan Xayriddin Usmonzoda.
Strategik tadqiqotlar markazi rahbari qo‘shni davlatda xotin-qizlarning mehnat va o‘qish huquqlarini hurmat qiladigan inklyuziv hukumat bo‘lishi zarurligini yana bir bor ta’kidlagan va bu dunyoning deyarli barcha davlatlaridan “Tolibon” hukumatiga qo‘yilgan talab ekanini xotirlatgan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning aprel oyida Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegara hududida narkotik savdogarlari bilan otishma sodir bo‘lib, unda tojikistonlik chegarachi halok bo‘lgandi. Iyun oyida esa “Da Afghanistan Breshna Sherkat” elektr kompaniyasining tijorat direktori Abdul-Rahmon Rahimiy Afg‘oniston 96 million dollarlik elektr energiyasini Tojikistondan xarid qilganini ma’lum qildi.
LiveBarchasi