Tojikiston Erondan 2,5 mln tonna neft, benzin va dizel so‘radi

Olam

image

Tojikiston ichki bozorni yoqilg‘i bilan ta’minlashdagi muammolar fonida Erondan 2,55 mln tonna xom neft va neft mahsulotlari yetkazib berishni so‘radi. Bu haqda respublika Transport vazirligi xabar berdi.

So‘ralgan hajmga 2 mln tonna xom neft, 300 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 150 ming tonna benzin va 100 ming tonna aviatsiya yoqilg‘isi kiradi. Ularni tashish uchun 51 mingga yaqin temir yo‘l vagoni talab etiladi.

Ushbu masala joriy yilning 15 avgust kuni Tehronda Tojikiston Transport vaziri Azim Ibrohim va Eron yo‘llar va shaharsozlik vaziri Farzona Sodiq o‘rtasidagi muzokaralarda muhokama qilingan.

Ibrohim geosiyosiy vaziyat sababli Tojikistonga yoqilg‘i yetkazib berish qisqarganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari respublika yoqilg‘ining 80 foizdan ortig‘ini Rossiyadan olgan, endilikda Dushanbe muqobil manbalardan faolroq foydalanishni niyat qilgan.

Tojikiston tomoni Erondan yoqilg‘i tashish uchun vagon-sisternalardan iborat maxsus poyezdlarni shakllantirishni va ularning mamlakat temir yo‘llari orqali imtiyozli o‘tishi uchun “yashil yo‘lak” tashkil etishni so‘ragan.

Bundan tashqari, Dushanbe Eronning Chobahor portidagi “Tojikiston” logistika markazi uchun imtiyozli shartlar ajratishni, tojikistonlik avtotashuvchilarning muammolarini hal qilishni hamda Eronga reyslarni amalga oshirishni rejalashtirayotgan Somon Air kompaniyasi samolyotlariga xizmat ko‘rsatish, yoqilg‘i quyish va sug‘urtalash bo‘yicha chegirmalar berishni so‘ragan.

Farzona Sodiq ko‘tarilgan masalalarni hal qilishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan. Buning uchun tomonlar idoralararo ishchi guruhlarni jalb qilish niyat qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston yonilg‘ining barqaror yetkazib berilishini ta’minlash va yonilg‘i-moylash mahsulotlari (YOMM) taqchilligi yuzaga kelishining oldini olish maqsadida O‘zbekiston va bir qator boshqa davlatlarga rasmiy murojaatlar yo‘llagan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing