Tojikiston dunyodagi mojarolarni tugatish uchun o‘z tajribasini taklif qildi
Olam
−
25 aprel
17159Tojikistondagi fuqarolar urushi tugashi tajribasini jahondagi boshqa mojarolarni hal qilishda ham qo‘llash mumkin. Bu haqda respublika Xavfsizlik Kengashi kotibi Nasrullo Mahmudzoda xavfsizlik masalalari bo‘yicha mas’ul oliy vakillarning xalqaro yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Tojik xalqining mamlakat yaxlitligini, madaniy sivilizatsiya qadriyatlarini himoya qilishdagi jasorati va fidoyiligi, tinchlik va bunyodkorlikka intilishi 90-yillarning boshlaridagi fuqarolar urushini tugatish imkonini berdi. Uning kelib chiqishi zo‘ravon ekstremizm va terrorizm mafkurasi edi. Albatta, bizning tajribamiz sayyoramizda mavjud bo‘lgan yangi murakkab mojarolarni hal qilishga xizmat qilishi mumkin”, deydi u.
Xavfsizlik Kengashi kotibining ta’kidlashicha, Tojikiston bugungi kun voqeligini hisobga olib, jahon davlatlarining milliy o‘ziga xosligi va an’anaviy qadriyatlarini asrab-avaylashda global va mintaqaviy darajada hamkorlik va sheriklikni mustahkamlashni muhim deb biladi. U bunday qadriyatlarni tinchlik va barqarorlikni saqlashning ajralmas elementi deb atadi.
Ma’lumot uchun, Tojikistonda fuqarolar urushi 1992 yilda rasmiy hokimiyat va turli millatchilik va islomiy oqimlar tarafdorlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik oqibatida boshlangan. 1997 yilda Moskvada Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va ikkinchi tarafning yetakchisi Said Abdullo Nuriy Rossiyaning o‘sha paytdagi prezidenti Boris Yelsin ishtirokida tinchlik shartnomasini tuzdi. Urush yillarida halok bo‘lganlar soni 50 mingdan 150 ming kishigacha baholanadi, 1 milliondan ortiq qochqin bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, xavfsizlik masalalari bo‘yicha mas’ul oliy vakillarning xalqaro yig‘ilishida qatnashgan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi Viktor Mahmudov Markaziy Osiyo davlatlari tashqi kuchlar tomonidan bosimga uchrayotganini aytgandi.
LiveBarchasi