Tojikiston Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani uzaytirdi
Olam
−
12 yanvar 2023
3116Tojikistonning “Barki Tojik” va Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) milliy elektr energetika kompaniyalari 2023 yilga mo‘ljallangan shartnomani imzoladi. Bu orqali Tojikiston elektr energiyasini Afg‘onistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma uzaytirildi. Bu haqda DABS kompaniyasining Twitter sahifasida ma’lum qilindi.
“2023 yil uchun elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha shartnomani DABS kompaniyasi bosh direktori Alhaj Mulla Muhammad Hanif Hamza va Tojikiston Milliy elektr energetika korporatsiyasi bosh direktori Muhammadumar Asozoda imzoladi”, deyiladi xabarda.
Shartnomada Tojikiston elektr energiyasi hajmi va narxi ko‘rsatilmagan.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat elektr tarmoqlari korxonalari har yili shunday shartnomalar tuzadi. Avvalgi shartnomaga ko‘ra, 2022 yilda Tojikiston Afg‘onistonga 1,5 mlrd kVt/soat, O‘zbekiston esa 2 mlrd kVt/soat elektr energiyasi yetkazib berishi kerak edi.
Ma’lumot o‘rnida, Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti har yili Markaziy Osiyo davlatlari va Afg‘oniston o‘rtasida – Tojikistondan maydan sentyabrgacha, O‘zbekistondan esa oktyabrdan aprelgacha amaldagi kelishuvlar asosida amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” vakili mamlakatdagi elektr uzilishlarida O‘zbekistonni ayblab chiqqan edi. Bunga javoban O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarmoqda texnik nosozliklar tufayli ta’mirlash ishlari olib borilayotganini, shu sababli Afg‘onistonga elektr energiyasi eksporti qisqarganini, biroq to‘xtatilmaganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi