Tojik-qirg‘iz o‘rtasida protokol imzolandi. Tomonlar nimaga kelishdi?

Olam

image
Tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat: Qirg‘iziston 5 ta qishloq aholisini evakuatsiya qildi north_east

Tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyat: Qirg‘iziston 5 ta qishloq aholisini evakuatsiya qildi

Bugun, 5 iyun kuni Qirg‘iziston va Tojikiston ikki o‘rtadagi chegara masalasini tinch yo‘l bilan hal etish va chegarachilardan tashqari barcha harbiy qismlarni o‘z joyiga qaytarish to‘g‘risida kelishib oldi. Bu haqda Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma davlat komissiyasining yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha imzolangan protokolda aytilgan.

Qayd etilishicha, komissiyaning hamraislari — Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Qamchibek Toshiyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Saymo‘min Yatimov “Karamiq” chegara punkti hududidagi vaziyatni muhokama qilgan va bir ovozdan barcha masalalar faqat tinch yo‘l bilan hal qilinishini aytgan.

Ular imzolagan protokolda “har ikki tomon chegara postlarini 3 km masofada mamlakatning ichkarisiga joylashtirish, shuningdek, qo‘shin va harbiy texnikani doimiy joyiga qaytarish, faqat chegara patrullarini qoldirish to‘g‘risida” qaror qabul qilingan.

Protokolda Qirg‘iziston va Tojikiston chegaraning ushbu qismida yaylovlardan foydalanish bo‘yicha kelishuvga erishgani qayd etilgan. Bundan tashqari, davlat chegarasidagi har qanday harakatlar oldindan tomonlarning hamraislari bilan kelishilgan bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ikki mamlakat vakillari faqat kelishilgan ma’lumotlarni ommaviy axborot vositalariga yetkazish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagan. Bundan tashqari, topografik ishchi guruhlar rahbarlariga ikki o‘rtadagi chegaraning bahsli qismini eng qisqa vaqt ichida tavsiflash topshirilgan. Shuningdek, tomonlar chegaraoldi qishloqlar aholisiga tushuntirish ishlarini olib borish to‘g‘risida ham kelishib olgan.

Eslatib o‘tamiz, qirg‘iz tomoni tojik harbiylari 4 iyun kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Chon-Olay tumani “Unju-Bulak” davlat chegarasining ta’riflanmagan qismida harbiy konteyner o‘rnatganini iddao qilgandi.

Bunga javoban, Tojikiston Respublikasi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari Matbuot markazi Qirg‘iziston tomoni tarqatgan bayonotning haqiqatga mos kelmasligini qayd etib, uni rad etgan.

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinidagi “Golovnoy” suv olish joyidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida ikki mamlakat mahalliy aholisi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 29 aprelda Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga aylandi. Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Laylak tumanlarida otishmalar 30 aprel va 1 may kunlari davom etdi. 

1 may kuni tomonlar otishmani to‘liq to‘xtatish va chegaradan kuchlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu kuni tojikistonlik harbiylar Qirg‘iziston hududidan chiqib ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

100

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing