Tojik-qirg‘iz chegarasida ommaviy janjal: tafsilotlar ma’lum qilindi

Olam

image

Qirg‘iz-tojik chegarasida ikki mamlakat maktab o‘quvchilari o‘rtasida ommaviy janjal kelib chiqqani haqida xabar bergandik. Buning oqibatida 4 nafar o‘quvchi jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, janjal Qirg‘iziston fuqarolari tomonidan boshlangan. Bu haqda “Sputnik Tadjikistan” nashri xabar bermoqda

Qayd etilishicha, Qirg‘izistonning Botken viloyatida yashaydigan bir guruh aholi Tojikistonning Isfara tumani Chorku mahallasi Somoniyon qishlog‘idan o‘tayotgan vaqtda tojikistonlik maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalariga tosh otgan. 

Tojikistonning shimolida joylashgan Isfara markaziy shifoxonasi voqea oqibatida Somoniyon qishlog‘ining 64-maktabi 3 nafar o‘quvchisi jarohat olgani haqida axborot bergan. Shuningdek, yana bir fuqaro va uning o‘g‘li miyasi chayqalgani uchun davolanmoqda. 

O‘z navbatida, Qirg‘iziston tomoni ham voqea tafsilotlari haqida ma’lumot bergan. Botken viloyati hokimligi Matbuot xizmatiga ko‘ra, mojaroning dastlabki sababi ikki Respublika maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi to‘qnashuv bo‘lgan. Qirg‘iz rasmiylari tojikistonlik o‘quvchilar birinchi bo‘lib botkenlik maktab o‘quvchilariga hujum qilganini aytmoqda. 

“Keyinroq bu o‘quvchilarning qarindoshlari qirg‘izlarga hujum qilib, ikki tojik maktab o‘quvchisi va ularning ota-onasini urgan”, deyilgan hokimlik Matbuot xizmati xabarida. 

Qayd etilishicha, Tojikiston Milliy Xavfsizlik Davlat Qo‘mitasi Qirg‘iziston chegara xizmatlari va ommaviy axborot vositalarini faktlarni buzib ko‘rsatganlikda ayblamoqda. 

Nashrning ta’kidlashicha, voqeadan keyin Botken va Isfara rahbari muzokara o‘tkazib, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borishga va aybdorlarni jazolashga kelishib olgan.

Tojik-qirg‘iz mojarosi

Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 28 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Ko‘k-Tosh qishlog‘i yaqinidagi “Golovnoy” suv olish joyidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik qismida ikki mamlakat mahalliy aholisi o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ldi. 29 aprelda Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik kuchlari o‘rtasida qurolli to‘qnashuvga aylandi. Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken va Laylak tumanlarida otishmalar 30 aprel va 1 may kunlari davom etdi. 

1 may kuni tomonlar otishmani to‘liq to‘xtatish va chegaradan kuchlarni olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishib olishga muvaffaq bo‘ldi. Xuddi shu kuni tojikistonlik harbiylar Qirg‘iziston hududidan chiqib ketdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

128

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing