Toshkentning yangi hokimi qaysi muammolarni hal qilishi kerak? So‘rovnoma o‘tkazildi
Jamiyat
−
07 fevral 2023
7722Joriy yilning yanvar oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod qilindi. Sobiq hokim ishdan olingandan so‘ng, “Yuksalish” umummilliy harakati poytaxtning yangi hokimi, birinchi o‘rinda, qaysi muammolarni hal qilishi zarurligi haqida 107 nafar jamoatchilik faollari – siyosatchilar, jurnalistlar, blogerlar, NNT, biznes va akademik doira vakillari fikrini bilish maqsadida so‘rovnoma o‘tkazdi.
Eng ko‘p tanlangan javob variantlar uchligi quyidagicha:
• shahar bosh rejasi tasdiqlanguniga qadar shaharda qurilish amalga oshirishga moratoriy e’lon qilish;
• uy-joy kommunal xizmatlar infratuzilmsini, shu jumladan, mavzelar ichidagi elektr uzatish liniyalarini modernizatsiya qilish;
• jamoat transportini yaxshilash.
Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonda 300 mingdan ortiq turar-joy binolari (taqqoslash uchun, 2000–2014 yillarda 86 mingta) qurilgan, ularning deyarli to‘rtdan bir qismi Toshkent shahrida joylashgan. Qurilish ko‘pligi, bir tomondan, minglab aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga, qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirishga, ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mavjud kommunikatsiyalar va ijtimoiy ob’ektlar yukini sezilarli darajada oshiradi.
“Bunday yondashuv yon-atrofdagi uylarda yashovchi aholining noroziligiga ham sabab bo‘ladi, chunki ko‘p hollarda mavzelar ichida yangi bino qurilishi boshlanishi bilan atrofi to‘siladi, bolalar va sport maydonchalari, sayr qilish yo‘laklari va boshqa yashil hududlar qisqaradi yoki yo‘q bo‘lib ketadi. O‘tgan yillar davomida toshkentliklar bir necha marta o‘z manfaatlarini himoya qilish, infratuzilmani saqlab qolish, daraxtlar kesilmasligi uchun kurashishga majbur bo‘ldi”, deyiladi tahliliy materialda.
Harakatga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida yuzaga kelgan energetika inqirozi bilan bog‘liq vaziyat poytaxtning yarim asrdan oshgan kommunal infratuzilmasini modernizatsiya qilish zarurligini ko‘rsatdi. Jumladan, kommunal uskunalar va suv muhandislik kommunikatsiyasi sezilarli darajada eskirgan. Suv quvurlari, kanalizatsiya tarmoqlari va kollektorlarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i ta’mirga muhtoj, 760 ga yaqin qozonxona va 5 ming kilometr issiqlik tarmoqlarining holati issiqlik energiyasining ortiqcha yo‘qotilishiga olib kelmoqda.
“Bunday sharoitda Toshkentni ixchamlashtirish siyosatini qayta ko‘rib chiqish, hududda kompleks qurilish ishlarini Bosh reja asosida qilish muhim ahamiyat kasb etadi”, deyiladi xabarda.
Keltirilishicha, Toshkentning 3 mln aholisiga 1000 ta avtobus va metro to‘g‘ri keladi. Jamoat transportlarida harakat jadvaliga rioya qilinmaslik, tirbandliklar, transporti vositalarining sifati va holati fuqarolarning shaxsiy avtomobil yoki taksida harakatlanishni afzal ko‘rishlariga olib kelmoqda.
O‘tkazilgan so‘rovnomada ekspertlar Toshkent shahar hokimligi jamoat transporti siyosatini qayta ko‘rib chiqishi kerakligini bildirgan.
So‘rovnoma ishtirokchilari (63 kishi), shuningdek, shahar ekologiyasini yaxshilash bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rish zarur, deb hisoblaydi. Respondentlar (62 nafar) xavfsiz yo‘llarni loyihalashtirish zaruratini ham qayd etgan.
Respondentlarning (56 nafar) deyarli uchdan bir qismi yashil hududlar va jamoat joylarni kengaytirishni, boshqa qismi (50 nafar) nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay muhit yaratishni ta’kidlagan.
LiveBarchasi