Toshkentga kelgan Italiya TIV rahbari O‘zbekistonga rahmat aytdi 

Jamiyat

image

Bugun, 4 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luiji Di Mayo bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TIV Matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, muzokaralarda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, ta’lim, turizm va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Italiya hamkorligining dolzarb jihatlari muhokama qilingan.

Tomonlar turli darajalarda bo‘lib o‘tajak tadbirlar jadvali, shu jumladan, Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari darajasida “Italiya – Markaziy Osiyo” ikkinchi vazirlar uchrashuvi yuzasidan fikr almashgan.

Xabarga ko‘ra, mintaqaviy xavfsizlik masalalari, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat ko‘rib chiqilgan. Italiya tomoni Yevropa mamlakatlari va boshqa davlatlar fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayonini tashkil etishda ko‘rsatilgan salmoqli yordam uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirgan. 

Tomonlar Afg‘oniston yo‘nalishidagi aloqalarni, shu jumladan, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, shuningdek Afg‘onistonga insonparvarlik yuklarini yetkazib berishda hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanligini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyi oxirida Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas ham Toshkentga tashrif buyurgan hamda O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov bilan muzokara olib borgandi. 

Qayd etish kerakki, Xayko Maas aynan Toshkentga kelib ketgach, Germaniya Afg‘onistondagi diplomatik vakolatxonasini tiklashi mumkinligini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

66

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing