Toshkentga 1 milliard dollar yo‘naltiriladi – Prezident
Jamiyat
−
08 fevral 2023
8059Poytaxt Toshkentda qayta tiklanuvchi energiya joriy qilish uchun 1 milliard dollar yo‘naltiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 8 fevral kuni Sergeli tumani faollari bilan o‘tkazayotgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Toshkent shahrini energiya resurslari bilan ta’minlashni yaxshilash maqsadida Prezident tomonidan quyidagi qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi:
• sanoat zonalari va yirik korxonalarda quyosh panellari o‘rnatish orqali 400 million kilovatt soat elektr chiqarish bo‘yicha loyihalarni boshlash;
• ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga 75 million kilovatt soat elektr ishlab chiqarishni ta’minlash;
• Yuqorichirchiq tumanida 500 megavattli yirik quyosh elektr stansiyasini qurish;
• poytaxtdagi sanoat korxonalarida elektr yo‘qotishlarini 1 foizga kamaytirish va energiya samaradorligini 3 foizga oshirish;
• 1 ming 817 ta ko‘p qavatli uylarning ichki isitish tizimini to‘liq yangilash;
• 300 kilometr magistral issiqlik tarmoqlarini yangilab, yo‘qotishlarni 5 foizga kamaytirish.
Umuman, shaharda qayta tiklanuvchi energiya joriy qilish uchun 1 milliard dollar yo‘naltiriladi.
Mahallalarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini yaxshilash uchun Toshkent shahriga 1,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Shuningdek, “Ochiq byudjet” doirasida mahallalar infratuzilmasiga 573 milliard so‘m ajratiladi.
Prezident mahallalarni obodonlashtirish, tarmoqlar, yo‘llar, suv inshootlarini ta’mirlash ishlariga yana qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ta’kidladi.
Shuning uchun shahardagi 584 ta mahallaning har biriga byudjetdan qo‘shimcha 1 milliard so‘mdan, jami yana 584 milliard so‘m ajratishga qaror qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident ushbu yig‘ilishda tadbirkor va aholi ishlab chiqargan elektr energiyasi davlat tomonidan kafolatli sotib olinishini aytgan edi.
LiveBarchasi