Toshkentdan Nyu-Yorkka uchgan reys ortga qaytarildi
Jamiyat
−
05 noyabr
11621Toshkent – Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha uchgan reys yana aeroportga qaytarildi. Bu haqda Uzbekistan Airways International xabar berdi.
Qayd etilishicha, HY101 reysi Toshkentdan Nyu-Yorkka jadval bo‘yicha bugun, 5 noyabr kuni soat 06:47 da uchib ketgan. Parvoz davomida havo kemasi komandiri 1967 yilda tug‘ilgan, Rossiya fuqarosi bo‘lgan yo‘lovchining o‘zini yomon his qilgani sababli uchib ketish aeroportiga qaytishni so‘ragan.
Natijada soat 07:35 da havo kemasi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan.
Ma’lum qilinishicha, yo‘lovchi tibbiy yordam mashinasi orqali tibbiy muassasaga jo‘natilgan.
“HY101 reysining Toshkentdan uchish vaqti 09:30 (Toshkent vaqti bilan), Nyu-Yorkka yetib borish vaqti 12:30 (Nyu-York vaqti bilan)", deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lufthansa aviakompaniyasining Myunxendan Shanxayga uchayotgan LH-726 reysi Toshkent aeroportiga 08:13 da favqulodda qo‘nishni amalga oshirgandi. Favqulodda qo‘nishga yo‘lovchilardan birining sog‘lig‘i yomonlashishi, qon bosimining beqarorligi sabab bo‘lgan. 57 yoshli Italiya fuqarosi bort qo‘nganidan so‘ng darhol poytaxt tibbiyot muassasalaridan biriga yotqizilgan. Soat 10:04 da LH-726 reysi Toshkent aeroportidan Shanxayga parvozini davom ettirgan.