Toshkentdagi uydan jasadi topilgan 5 talabaning o‘limi aybdoriga hukm o‘qildi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Joriy yilning fevral oyi oxirida Toshkentdagi oliy ta’lim muassasasida  tahsil oladigan besh nafar talabaning murdasi ular ijarada turadigan uydan topilgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida uy egasiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Tergovda aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, sudlanuvchi ayol olti nafar talaba bilan qonuniy ijara shartnomasi tuzmay, o‘zining yashash uyining qo‘shimcha qismini odam hayoti uchun xavfli va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmaganiga qaramay, ularga ijarada vaqtincha yashashi uchun ajratadi.

Shu kuni “Hududgaz poytaxt” MCHJning tuman filiali xodimlari ijara uyining birinchi xonasi yerto‘lasida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilmasdan ishlatib kelinayotgan tabiiy gaz orqali ishlaydigan isitish pechini tekshirishadi. Gaz uskunalarini ta’mirlash hamda avariya holatini bartaraf etish yuzasidan tuzilgan buyurtma hujjatlariga asosan og‘zaki ravishda yerto‘ladagi isitish pechining o‘rnatilgan joyi texnika xavfsizligi qoidalariga zid ekani bayon etiladi. Qolaversa, isitish pechining dudbo‘roni nosozligi: tortmayotgani, chirigani sababli qayta ulanmasligi, agarda gaz tarmog‘iga ulanmoqchi bo‘lsa faqatgina gaz idorasining mas’ul xodimi tomonidan dudbo‘ron sozligi tekshirilgandan so‘nggina gazni isitish pechiga yoqishi shartligi haqida ogohlantiriladi. Shunga qaramay, uy egasi ijarada yashovchi talabalarga go‘yoki gaz idorasi xodimi bilan telefon orqali gaplashib, undan og‘zaki ravishda ruxsat olganligini bildiradi. Uy egasi mazkur harakati “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari” bilan taqiqlanganini bilishi shart bo‘lsa ham, beparvolik qilib, gaz uskunalari va dudbo‘ronni sozlash uchun hech qanday bilimga va hujjatga ega bo‘lmagan ijarachilarga isitish pechi yonishi natijasida yongan gaz hidi chiqadigan dudbo‘ronni sozlab olishlari uchun ruxsat bergan.

Shunga ko‘ra, ijarachilar o‘zlari bilganicha ushbu uyni isitish vazifasini bajaruvchi yerto‘lada joylashgan pech dudbo‘ronining quvurlarini to‘liq tozalamay, ko‘cha devoriga o‘rnatilgan dudbo‘ronning faqatgina yuqori qismidagi quvurini almashtirish yo‘li bilan sozlab, uy egasining ko‘rsatmasiga muvofiq isitish pechiga gazni yoqib, xonalarini isitib, ishlatib kelishgan.

Uy egasining Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2-ilovasi, 139-qismining bir qancha bandlari qoidalarini mensimaganligi oqibatida ijarada yashovchi 5 nafar ijarachining jasadi noma’lum etiologik moddadan zaxarlanish tashxisi bilan topilgan.

Respublika Sud tibbiyot ekspertizasi Toshkent shahar Morfologiya bo‘limining xulosasiga ko‘ra, ijarachilarning o‘limiga is gazidan zaxarlanish natijasida o‘tkir nafas va yurak, qon-tomir yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aniqlangan. Ularning qonida toksik konsentratsiyasi turli foizlarda bo‘lgan korboksi-gemoglabin moddasi topilgan.

Bundan tashqari, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining 2021 yil 23 apreldagi kompleks ekspertiza xulosasiga ko‘ra, uyning xonalarida o‘rnatilgan gaz uskunasi va jihozlari texnik va me’yoriy qoida talablariga asosan o‘rnatilmagani, amaldagi talablarga javob bermasligi, gaz uskunasi va jihozlari o‘rnatish texnik talablariga javob bermasligi, gaz uskunasi va jihozlarining dudbo‘ronlari yonish mahsulotlarini chiqish yo‘nalishlari to‘g‘ri o‘rnatilmagani, amaldagi talablarga javob bermasligi aniqlangan.

Sudlanuvchi sudda aybiga iqror emasligini bildirgan.

“Ushbu uy opamning nomida. Uyning asosiy yashash qismi 4 xonadan iborat. Uyga kirish darvozasining o‘ng qismida 3 ta xonadan iborat bo‘lgan qo‘shimcha qismi mavjud. Bir-ikki nafar talaba yigitlar mendan uyni ijaraga berishimni so‘rashdi. Ularga uy ta’mirtalab ahvoldaligini aytib, rad qildim. Oradan vaqt o‘tib, ikki nafar notanish yigitlar “makler” nomidan kelishganini aytishdi. Ularga uyni ta’mirlatishim kerakligi sababli ijaraga odam qo‘ymasligimni aytdim. Ular “keyinchalik ta’mirlab bersangiz ham bo‘ladi”, deya Andijon viloyatidan o‘zlari bilan ko‘rpa-to‘shaklarini ham olib kelganliklarini aytishdi. Uyga kiritishni iltimos qilishdi, ularga rahmim kelib, kiritdim. 

Shu kunning o‘zida 1004 raqami orqali gaz tarmoqlari xodimlariga qo‘ng‘iroq qilib, uyning ushbu qismida isitish pechi (kotyol) past yonayotgani haqida xabar berdim. Oradan biroz vaqt o‘tib, ikki nafar o‘zini gaz idorasi xodimi deb tanishtirgan erkak kishi xizmat kiyimida kelishdi. Ularga ijarachilar yashaydigan uyning birinchi xonasi yerto‘lasida joylashgan gaz orqali ishlovchi isitish pechini tekshirib berishlarini so‘radim. Chunki yerto‘ladagi isitish pechidan gaz chiqayotgandi. Xodimlardan biri yerto‘laga tushib, isitish pechini tekshirdi va unga gaz yuboriladigan quvurning jo‘mragini sindirib qo‘ydi. So‘ng ushbu xonaning gaz quvuri jo‘mragini burab, gazni o‘chirib ketishdi. “Svarkachi” kelib jo‘mrakni tuzatib ketdi. Yana 1004 raqamiga qo‘ng‘iroq qildim. Shu kunning o‘zida boshqa ikki nafar gaz xodimi keldi. AGV va gaz quvurlarini ko‘zdan kechirib, ishlatib ketmoqchi bo‘ldi, lekin ular xizmat haqi so‘raganday bo‘lishdi. Ularga xurmo uzatganimda, jaxl qilib, gaz uskunasini o‘chirib, dudbo‘ronni tuzatishni va “azbets” trubaga almashtirishni aytib ketishdi. Shunda ijarachilar dudbo‘ronni o‘zlari sozlab olishlarini aytishgani uchun ruxsat berdim. Dudbo‘ronni “azbets” trubaga almashtirishga o‘sha vaqtda imkoniyatim bo‘lmagan. Yigitlar dudbo‘ronning bosh qismini almashtirib sozlashgan, so‘ng yoqib berishlari uchun yana tuman gazga qo‘ng‘iroq qildim. U yerda kimdir telefon orqali ustimdan kulib, yoqib olaverishimizni aytdi. Shuning uchun yigitlarga gaz va isitish “kotyol”ini yoqib ishlatishga ruxsat berilganini aytdim. Ular isitish tizimini ishlata boshlashdi. Gazchilar kelganida hech qanday xujjat to‘ldirishmagan. Og‘zaki gapirib, tizimni o‘chirib ketishgan”, degan uy egasi.

Sud hukmi bilan sudlanuvchi – uy egasi Jinoyat kodeksining 102-moddasi 2-qismi bilan aybdor, deb topildi va unga shu modda bilan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Manfaatdor tomonlarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar bo‘yicha fuqarolik ish yurituvi tartibida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqiga ega ekanliklari tushuntirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yunusobod is gazi

Baholaganlar

1662

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing