Toshkentdagi universitetning bitiruv oqshomida janjal chiqdi (video)

3-sahifa

image

Kecha, 31 iyul kuni soat 18:00 lar atrofida ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan bitiruv tadbiriga oid video tarqaldi. Unda talabalar va ota-onalar bitiruv kechasi o‘tayotgan zalga kiritilmaganini ko‘rish mumkin. Holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, tadbir bilan bog‘liq holat bo‘yicha vazirlik tomonidan dastlabki o‘rganish ishlari boshlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, oliygohda katta konsert zali mavjud emasligi hamda yozgi issiq ob-havo sharoiti sabab bitiruv tadbirini yopiq binoda o‘tkazish uchun Kasaba uyushmalari federatsiyasi saroyi tanlangan.

Tadbirni tashkil etish tashabbusi talabalar tomonidan bildirilgan va tayyorgarlik jarayonlarida bitiruvchilar ham ishtirok etgan. Tadbir uchun avvaldan qatnashchilar ro‘yxati shakllantirilgan. Biroq tadbir kuni ro‘yxatda bo‘lmagan qo‘shimcha fuqarolar ham kelgani sabab zal sig‘imi belgilangan me’yordan oshib ketgan. Shundan so‘ng, zal ma’muriyati xavfsizlik talablari asosida ishtirokchilar sonini cheklash choralarini ko‘rgan.

Keyinchalik, universitet rahbariyati bitiruvchilar uchun oliygoh hududida alohida tadbir tashkil etishga qaror qilgan. Shuningdek, viloyatlardan kelgan ota-onalarning joylashuvi ta’minlangan.

“Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy ta’lim muassasalarida talabalardan har qanday ko‘rinishda majburiy mablag‘ yig‘ishga yo‘l qo‘yilmasligini qat’iy ma’lum qiladi. Bunday holatlar aniqlangan taqdirda, mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, tadbirni tashkil etish jarayoni, jumladan, bildirilgan e’tirozlar hamda moliyaviy va tashkiliy jihatlar xizmat tekshiruvi doirasida o‘rganilmoqda.

Vazirlik barcha oliy ta’lim muassasalari rahbarlariga talabalar ishtirokidagi tadbirlarni o‘tkazishda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, jarayonlarni puxta rejalashtirish va talabalar hamda ota-onalar uchun noqulayliklarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan.

Mazkur holat vazirlik nazoratiga olingan. Xizmat tekshiruvi yakunlari bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing