Toshkentdagi “Gulshan” bog‘i o‘rnida klinika quriladi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Gulshan” bog‘i buzilib o‘rnida klinika qurilishi haqida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati mazkur xabarlarga munosabat bildirib, quyidagilarni ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Gulshan” bog‘ida, shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi va Borovsiy nomidagi tibbiyot kolleji kabi hududlarda jami to‘rtta zamonaviy, ko‘p tarmoqli klinikalar qurilishini tashkil etish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

Ushbu yangi tashkil etilayotgan barcha tibbiyot muassasalari zamonaviy arxitektura va qurilish me’yorlariga muvofiq, eng avvalo, ekologik talablar, sanitariya norma va qoidalariga muvofiq bunyod etiladi.

“Chunonchi, “Gulshan” bog‘idagi qurilish jarayonida bog‘dagi daraxtlar holati qat’iy nazoratga olingan. Ya’ni yirik daraxtlarning joyida qolishi va kesilmasligini hisobga olgan holda qurilish ishlari olib boriladi. Tabiiyki, kichik daraxtlar esa boshqa joylarga maxsus texnikalar yordami bilan ko‘chirib o‘tkaziladi. Umuman olganda, hozirgi kunda qarovsiz ahvolga kelgan mazkur bog‘ hududida ko‘p tarmoqli tibbiyot klinikasi qurilishi barobarida, atrofi ham aholining yayrab hordiq chiqarishini ta’minlash maqsadida ko‘rkam qilib, obodonlashtirilishi ko‘zda tutilgan.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish doirasida zamonaviy va innovatsion tibbiyot muassasalarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarida.

So‘nggi uch yil ichida mamlakatda 1300 dan ortiq tibbiyot muassasalarida qurilish-ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Xususiy tibbiyot sektori ham jadal rivojlanmoqda. So‘nggi ikki yil ichida nodavlat tibbiyot muassasalari soni 1500 taga ko‘payib, hozirda ular 5300 tadan oshdi.

“Aholining ko‘payishi va mamlakatimizga kelayotgan chet ellik sayyohlar sonining muttasil o‘sib borishi munosabati bilan Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva, Qarshi va boshqa yirik shaharlarda yuqori malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. E’tiborli jihati, 2020 yilgi investitsiya dasturi doirasida birgina Toshkent shahridagi 34 ta tibbiyot muassasasida umumiy qiymati 180 milliard so‘mlik qurish va ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Shu o‘rinda kelgusi yilning birinchi choragida to‘rtinchi darajali Bolalar milliy tibbiyot markazi foydalanishga topshirilishini ham alohida ta’kidlash joiz”, deb izoh bergan vazirlik.

Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi quriladigan 4 ta zamonaviy klinikalar 100 foiz davlat tasarrufida bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Gulshan bog'i klinika

Baholaganlar

18

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing