Toshkentdagi choyxonadan giyohvandlik moddalari topildi (video)
3-sahifa
−
21 Oktabr
7173Toshkent shahrining Shayxontohur va Yashnobod tumanlarida choyxona hamda yashash uyida giyohvandlik vositalarini saqlab kelayotgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shayxontohur tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs tumandagi choyxonalarning birida giyohvandlik vositalarini saqlab kelayotgani aniqlangan. Choyxonaning turli xonalariga yashirilgan ko‘plab giyohvandlik moddalari va uni iste’mol qilishga mo‘ljallangan turli xil ashyoviy dalillar xolislar ishtirokida tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. Ushbu buyumlar tergov bo‘limiga topshirilgan. Gumonlanuvchiga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
“Muammo sababli yana ularni iste’mol qiladigan bo‘lib qoldim. Kechirim so‘rayman, ishimdan afsusdaman”, degan gumonlanuvchi.
Yana bir holat esa Yashnobod tumanining Uysozlar mahallasida kuzatilgan. Unda muqaddam sudlangan 58 yoshli shaxsning xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganda fuqaro o‘z uyida giyohvandlik vositasini saqlab kelayotgani ma’lum bo‘lgan. Tadbir davomida uning uyidan 15 gr giyohvandlik moddasi hamda uni iste’mol qilishga mo‘ljallangan vositalar topilgan. Fuqaro ushbu moddalarni ko‘chadagi daraxt ostidan topib olganini ma’lum qilgan.
“Ishxonamni oldidagi mashinalar to‘xtash joyi yonidagi daraxt tagida qora sellofanga o‘ralgan shu moddani topib oldim va uyga olib keldim”, degan u.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi ( Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirobod tumanida sintetik giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan shaxs qo‘lga olingandi. Shuningdek, fuqaroning Toshkent viloyatida joylashgan xonadoni ko‘zdan kechirilganida sintetik giyohvandlik vositalari, turli xil konteynerlar, qo‘lqoplar, tarozi, gazga qarshi niqoblar borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirib olingan. Shu kuni birinchi laboratoriyadan 4,8 kilogramm, ikkinchi xonadondan qariyb 10 kilogramm, jami 14 kilogramm 795 gramm umumiy narxi taxminan 1 million dollarga teng sintetik giyohvandlik vositasi aniqlanib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.
LiveBarchasi