Toshkentdagi bog‘chalarda bolalar koronavirusni qayerdan yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Avvalroq, Toshkent shahridagi Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham koronavirusga chalingan bemorlar aniqlanayotgani haqida xabar bergan edik. Ma’lumotlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchilariga va shifokorga koronavirus infeksiyasi MTT tarbiyachilaridan yuqqan. Bu haqda bugun, 16 mart kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 36-sessiyasida so‘z ochildi. 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘ining Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o‘ttiz oltinchi sessiya ishtirokchilariga qilgan ma’ruzasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, uchta tumanda karantin qoidalariga mas’uliyatsizlik bilan qarash kasallikning keng tarqalishiga olib kelgan.

Qayd etilishicha, joriy yilning 10 mart kuni Yunusobod tumanida joylashgan bolalar (yoki ta’lim) muassasasi tarbiyachisi R.M.da koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Epidemiologik surishtiruv natijasida tarbiyachi xonadonida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemor bo‘lishiga qaramay, u karantinga rioya etmasdan ish joyiga borib ishlagan va natijada 11 mart kuni epidemiologik ko‘rsatmaga asosan muassasaning tarbiyachi va tarbiyalanuvchilaridan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganida, 13 mart kuni 2 nafar tarbiyachida, shifokorda va  1 nafar tarbiyalanuvchida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Hozirda bu ish Toshkent shahar Prokuraturasining nazoratiga olingan.

Shuningdek, joriy yilning 5 mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ta’lim muassasasi tarbiyachisi M.M.ning qaynotasi Zangiotadagi shifoxonaga koronavirus infeksiyasi tashhisi bilan yetkazilgan va 7 mart kuni vafot etgan. 9 mart kuni  janoza paytida mazkur ta’lim muassasasining bir necha xodimlari ishtirok etgan va bu bilan muassasa tarbiyalanuvchilarining sog‘lig‘ini xavfga qo‘ygan.

Oliy ta’lim muassasalaridagi vaziyat esa biroz boshqacharoq. Olmazor tumanida joylashgan oliy ta’lim muassasasiga qarashli yotoqxonada ham 3 nafar talabada bir necha kundan buyon tana haroratining ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i va holsizlik belgilari bo‘lganligi sababli, talabalardan 11 mart kuni koronavirus infeksiyasiga test tahlil surtma namunalari olingan. Joriy yilning 13 mart kuni oliy ta’lim muassasasining tegishli fakultetida kasallik alomati mavjud bo‘lmagan 4 nafar talabasida kasallik aniqlangan.

Shularni inobatga olgan holda, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining sessiyasida mutassadi tashkilotlar rahbarlariga qator ko‘rsatmalar berilib, Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar shtabining qarori qabul qilingan. 

Unga ko‘ra:

•    koronavirus infeksiyasi aniqlangan oilalarda karantin talablariga rioya etmagan fuqarolarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘riladi;

•    aholi orasida COVID-19 keng tarqalishining oldini olish, fuqarolar salomatligini himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ommaviy-madaniy tadbirlar o‘tkazilishida karantin talablariga qat’iy rioya etilishi nazoratga olinadi;

•    sport musobaqalarini tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi choralari ko‘riladi;

•    epidemiologik vaziyat yomonlashgan taqdirda joriy yilning 1 aprelidan boshlab ommaviy tadbirlarni vaqtincha to‘xtatib turish yuzasidan Respublika Maxsus komissiyasiga tegishli taklif kiritiladi.

Bu boradagi tahliliy ma’lumotlar va ko‘rilayotgan choralarga yana to‘xtalamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

747

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing