Toshkentda jinoyatchi ayollar ortayotgani aytildi

Jamiyat

Joriy yilning 9 oyi davomida 6159 nafar shaxsga nisbatan 4800 ta jinoiy ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, shundan 481 nafari yoki 9,8 foizi ayollar tomonidan sodir etilgan. Bu haqda Toshkent shahar sudi raisi o‘rinbosari – jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Akbarali Turobov O‘zbekiston Prezidentining 2020 yil 30 iyundagi farmoni bilan tasdiqlangan Toshkent shahrida jinoyatlarni jilovlash, jinoyatchilik profilaktikasini yanada takomillashtirish, odil sudlovni ta’minlash va korrupsiyadan holi xududga aylantirish bo‘yicha Yo‘l xaritasida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Toshkent shahar sudi va Toshkent shahar ma’muriy sudlari tomonidan joriy yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berish maqsadida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.

Turobovning ta’kidlashicha, ayollar jinoyati bilan bog‘liq vaziyatlar o‘tgan yilning mos davriga qaraganda biroz ko‘paygan.

“Har doim ayollar jinoyati bilan bog‘liq statistika yuritib boriladi va ayollar tomonidan sodir qilinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldini olish maqsadida profilaktika ishlari olib boriladi. Bugungi kunda jami jinoyatlarning 9,8 foizi  ayollarga tegishli. Ammo, bu ham juda achinarli holat

Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, ayollar jinoyati bilan bog‘liq vaziyatlar o‘tgan davrga nisbatan ko‘paygan. Buning sababi esa pandemiya davrida ya’ni 4 oy vaqt davomida ishlarni ko‘rish to‘xtatilgan edi. Ishlarni onlayn tarzda ko‘rganmiz. Tergov organi tomonidan jinoiy ishlar tergov qilinmagan va sudga chiqmaganligi sababli ham bu yilgi ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan ortgandek ko‘rinadi. O‘tgan yilgiga nisbatan jinoiy ishlar bilan bog‘liq vaziyatlar 40 foizga oshgan. Sudlanganlar soni 39,5 foizga ko‘paygan. Bunga ham sabab pandemiya”, deydi Akbarali Turobov.

Brifingda so‘zga chiqqan Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi Shuhrat Abbosovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda qonunga xilof ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan fuqarolar foydasiga jami 5 mlrd 32 mln so‘m undirilishi belgilangan.

“Keyingi paytlarda sudlar tomonidan asossiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxslarni reabilitatsiya qilish maqsadida qator oqlov hukmlari qabul qilindi. Toshkent shahar fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlari tomonidan qonunga xilof ravishda javobgarlikka tortish natijasida yetkazilgan zararni qoplash bilan bog‘liq 110 ta fuqarolik ishi ko‘rilgan bo‘lib, shundan 85 tasi (77,3 foizi) qanoatlantirilgan. Fuqarolarning foydasiga 5 mlrd 32 mln so‘m ma’naviy zarar  undirish belgilangan”, deydi Shuhrat Abbosov. 

Toshkent shahri fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati raisi so‘zida davom etarkan, reabilitatsiya qilingan shaxslarni avvalgi ishiga tiklash bo‘yicha 38 ta ish ko‘rilganini, shundan 25 tasi qanoatlantirilganini va da’vogarlar ishga tiklanganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

110

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing