Toshkentda jihodchilar qo‘lga olindi – IIV

Jamiyat

image

Kecha, 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati ta’qiqlangan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining (DEO) bir guruh a’zolari jinoiy faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxslarning bir necha nafari muqaddam taqiqlangan oqimlarda noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanganligi bois jazo muddatini o‘tab chiqqan. Ular jinoiy til biriktirib, aholi orasida noqonuniy targ‘ibot olib borib, “Jihodchilar” DEO g‘oyalarini tarqatganlar hamda shu yo‘l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular O‘zbekistondagi yoshlar ongini zaharlab, o‘zlarining aqidaparastlik g‘oyalarini singdirib, jinoyat sodir etishga chorlagan.

Hibsga olingan shaxslarning yashash manzillarida ekstremistik mazmundagi adabiyotlar mavjudligi aniqlangan va ular protsessual tartibda olib qo‘yilgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Jihodchilar” DEO g‘oyalarida kishilar ongidan milliy urf-odatlarni yo‘q qilish, qabriston va ziyoratgohlarga borishni man etish, barcha qonun-qoidalarni faqat Qur’on va shariat asosida o‘z talqinlarida bo‘lishini ta’minlash hamda mavjud siyosiy tuzumni ag‘darib tashlash va shariatga asoslangan davlatni qurish aks etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi  qarori bilan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O‘zbekiston Respublikasi hududida ta’qiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent jihodchilar

Baholaganlar

614

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing