Toshkentda YPX xodimi haydovchiga o‘q uzdi
Jamiyat
−
08 dekabr 2019
25232Toshkentda Yo‘l harakati xavfsizligi xodimi agressiv holatda bo‘lgan va yo‘l-transport hodisasi sodir etgan haydovchiga o‘q uzdi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar bermoqda. Qayd etilishicha, birinchi o‘q havoga, ikkinchisi haydovchining oyog‘iga otilgan.
Gap shundaki, 7 dekabrdan 8 dekabrga o‘tar kechasi taxminan soat 03:10 da Chilonzor tumanidagi Muqimiy va Baynalminal ko‘chalari kesishmasida Labo rusumli avtomobilni boshqarib borgan haydovchi beton to‘siqqa borib uriladi. YTH natijasida Labo avtomobili ag‘darilib ketgan. Haydovchiga yordam berish uchun voqea joyiga IIBB xodimlari va hodisa guvohlari kelib, avtomobilni g‘ildiraklariga o‘nglab qo‘yishgan.
Labo haydovchisi kabinadan chiqavermagch, voqea joyiga birinchi bo‘lib yetib kelgan PPX xodimi yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga YTH haqida xabar beradi. Haydovchidan tibbiy yordam kerakligi haqida so‘ramoqchi bo‘lganida, PPX xodimi haydovchining g‘ayritabiiy harakatlari va gaplarida, harakatlarida muvofiqlik yo‘qligiga e’tibor qaratib, bu haqda YPX inspektorlarini ogohlantiradi. Taxminga ko‘ra haydovchi psixotrop vositalar yoki spirtli ichimliklar ta’siri ostida bo‘lgan. Kutilmaganda haydovchi YTH joyiga yetib kelgan YPX inspektorlariga qarshilik ko‘rsata boshlab, tinchlanish va jamoat tartibini saqlash haqidagi chaqiruvlarga javoban tajovuzkorona harakatlar qilgan.
"Yonidagi pichog‘ini chiqarib, kimda kim yaqinlashsa, unga jarohat yetkazishini aytgan. O‘tib ketayotgan haydovchi va piyodalar to‘xtab tomosha qila boshlaganlari sababli hodisa atrofida odam ko‘paya boshlagach, fuqarolar va xodimlar hayoti va sog‘lig‘i uchun real xavf yuzaga keldi. Shunda YPX inspektori kichik serjant T.O. tabel qurolini qo‘llashga qaror qiladi. YPX inspektori bir necha marta haydovchini qo‘rol qo‘llashi haqida ogohlantirishiga qaramasdan, haydovchi o‘zini agressiv tutishda davom etib, xodimlarga pichoq sanchimoqchi bo‘lgan. Shundan so‘ng YPX inspektori yo‘riqnomaga muvofiq harakat qilib, osmonga o‘q uzdi, bu ham qoidabuzarga ta’sir qilmaganidan so‘ng, uning oyog‘iga qarata o‘q uzdi. Faqatgina shundan so‘ng qoidabuzar pichog‘ini tashladi. Uning qo‘llari kishanlanib, tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga yetkazildi", deb voqeani izohlaydi IIBB.
Haydovchining shaxsini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida u – Shayxontohur tumanida yashovchi, muqaddam O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97 (“Qasddan odam o‘ldirish”) va 109-moddalari (“Qasddan badanga yengil shikast yetkazish”) bo‘yicha sudlangan 43 yoshli Nusrat I. ekanligi ma’lum bo‘lgan.
Labo avtomobili salonida ochiq holatdagi aroq va konyak shishalari topilgan.
Hozirgi vaqtda fuqaro Nusrat I. o‘z harakatlarini tushuntirishga qodir emas, chunki u ayni damgacha mast holatda.
Chilonzor tumani prokuraturasi Nusrat I.ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi masalasi bilan shug‘ullanmoqda.
Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor Rustam Jo‘rayev xodimlarni rag‘batlantirish haqida topshiriq bergan.
Ma’lumot uchun, o‘qotar qurolni qo‘llash O‘zbekiston Respublikasi “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasi bilan belgilangan.
LiveBarchasi