Toshkentda YPX inspektori skuter haydovchisiga nisbatan jangovar usul qo‘lladi
Jamiyat
−
04 fevral 2021
23223Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida skuter haydovchisi va YPX inspektori o‘rtasida ro‘y bergan hodisa videosi tarqaldi. Poytaxt IIBB Matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Joriy yilning 1 fevral kuni taxminan soat 23:15 da Yashnobod tumani Shahrisabz ko‘chasida xizmat olib borgan Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektori kichik serjant Dilshod Musayev harakat yo‘nalishi shubhali bo‘lgan skuter haydovchisiga to‘xtash haqida ishora qilgan. Ammo haydovchi ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talabini mensimasdan harakatni davom ettirgan.
YPX inspektori sherigi serjant Nuriddin Dosimov bilan birga zarur choralarni ko‘rib, transport vositasini Shahrisabz ko‘chasidagi “Brazzeri” restorani yonida to‘xtatgan.
Skuterni 32 yoshli Mahamadxo‘ja M. boshqarib borgan. Suhbat davomida inspektorlar haydovchidan kelgan spirtli ichimlik hidini sezib unga ekspertizadan o‘tishni taklif qilishgan. Haydovchi bunga javoban inspektorlarni haqorat qilib, ularga faol qarshilik ko‘rsatib, uni transport vositasi boshqaruvidan chetlatishga xalaqit bermoqchi bo‘lgan. Shu sababli kichik serjant D. Musayev jangovar usul qo‘llagan.
Keyinchalik, ekspertiza xulosasi haydovchining mast bo‘lganini tasdiqlaganidan so‘ng unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Transport vositasi jarima maydonchasiga joylangan.
Xabarda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi Qonuniga (21, 22-moddalar) muvofiq xodim xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega. Ayni vaqtda YPX inspektori tomonidan jismoniy kuch ishlatilishi qonuniy ekanligini tekshirish maqsadida xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.
LiveBarchasi