Toshkentda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisi ochiladi
Jamiyat
−
03 aprel
1702O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisi ochiladi. Shuni nazarda tutuvchi bitim bugun, 3 aprel kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen huzurida imzolandi.
Hujjatni Yevropa investitsiya bankining Markaziy Osiyodagi hamkorlik, suv sektori, IT va ma’lumotlarni boshqarish bo‘yicha mas’ul vitse-prezidenti Kiriakos Kakouris va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov imzoladi.
“Ta’kidlash joiz, ofisning Toshkent shahrida ochilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda "yashil" iqtisodiyot, innovatsion sanoat va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmini oshirish imkonini beradi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, 1958 yilda tashkil etilgan Yevropa investitsiya banki Yevropa Ittifoqining yetakchi moliyaviy institutidir.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammiti doirasida mamlakatda tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuv o‘tkazgandi. O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan.
LiveBarchasi
Trenddagilar




