Toshkentda yosh qizga shilqimlik qilgan taksichi qamaldi
3-sahifa
−
15 fevral
12597Toshkent shahrida yosh qizga shahvoniy shilqimlik qilgan taksi haydovchisi 5 sutkaga qamaldi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Toshkent shahrida joriy yilning 10 fevral kuni soat 19:30 larda 2004 yilda tug‘ilgan qiz otasining tug‘ilgan kuni sababli tashkil etilgan tadbirga borish uchun taksi buyurtma bergan.
Manzil tomon ketib borar ekan, taksi haydovchisi qizning yoshini hamda egnidagi libosini gapirib, har xil shahvoniy so‘zlar bilan unga shilqimlik qilgan.
Huquqbuzar sud majlisida qilgan ishini tan olib, jabrlanuvchidan kechirim so‘ragan va suddan unga yengilroq jazo tayinlashni iltimos qilgan.
Sud haydovchini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Jazoni o‘tash muddati 2024 yil 14 fevraldan boshlab hisoblanadi.
Sudlanuvchidan ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga qamalganlarni saqlash bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar uchun ma’muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida 255 000 so‘m undiriladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Toshkent viloyatidagi “Nurafshon” telekanalining bosh muharrir o‘rinbosari o‘z xodimasiga shilqimlik qilgani uchun 3 sutkaga qamalgandi.