Toshkentda yashirin narkolaboratoriya aniqlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrida maxfiy narkolaboratoriya faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bojxona qo‘mitasi xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan maxsus tadbir davomida Toshkent shahrida yashirin faoliyat olib borgan narkolaboratoriya fosh etilgan.

Jumladan, 1986 va 1988 yillarda tug‘ilgan, oliy ma’lumotli bo‘lgan 2 nafar shaxs logistika faoliyati bilan shug‘ullanish niqobi ostida Shayxontohur tumanidagi xonadonlardan birida sintetik giyohvandlik vositalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan.

Ko‘zdan kechirish jarayonida xonadonda jami 56 ta o‘ramda 26 kg ga yaqin “Mefedron” giyohvandlik vositasi, sintetik narkotik tayyorlashda foydalaniladigan 400 kg dan ortiq suyuqlik va kukun ko‘rinishidagi kimyoviy moddalar hamda xomashyolar, zarur asbob-uskunalar borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, giyohvandlik vositalari tayyorlashda foydalaniladigan asbob-uskunalar, xomashyo va prekursorlar xorijdan keltirilgani va tayyorlangan narkotik moddalarning savdosi internet orqali amalga oshirilgani ma’lum bo‘lgan.

Tadbir davomida olingan narkotik moddalar taxminan 80 ming “doza”ni tashkil qilishi va qora bozordagi qiymati 900 ming AQSH dollariga tengligi, shuningdek, narkolaboratoriyada saqlanayotgan 400 kg dan ortiq kimyoviy moddalar va xomashyolar yordamida 50 kg ga yaqin “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ishlab chiqarish mumkinligi aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, DXX Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent narkolaboratoriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing